Markaziy Osiyoda eng ko‘p spirtli ichimlik ichuvchi mamlakat ma’lum bo‘ldi

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida aholi jon boshiga spirtli ichimlik iste’moli bo‘yicha yangi reyting e’lon qilindi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston mintaqada bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga kiritgan.
Xalqaro tahlillarda qayd etilishicha, Qozog‘iston aholisi o‘rtasida bir yilda kishi boshiga o‘rtacha 5,4 litr sof spirt iste’mol qilinishi hisoblangan. Bu ko‘rsatkich mamlakatni nafaqat Markaziy Osiyoda birinchi o‘ringa olib chiqqan, balki jahon reytingida ham o‘rta pog‘onalardan joy egallashiga sabab bo‘lgan.
Mintaqadagi keyingi o‘rinlardan Qirg‘iziston joy olgan bo‘lib, u yerda bu ko‘rsatkich 3,9 litrni tashkil etgan. Turkmanistonda 3 litr, O‘zbekistonda esa 2,1 litr darajasida qayd etilgan. Eng past natija Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelib, u yerda aholi jon boshiga 0,7 litr spirt iste’moli to‘g‘ri kelgan.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ayrim musulmon mamlakatlarida spirtli ichimliklar iste’moli deyarli nol darajasida saqlanib qolmoqda. Xususan, Quvayt, Eron, Suriya va Pokistonda eng past ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Jahon miqyosida esa Ruminiya ushbu reytingning mutlaq yetakchisi sifatida e’tirof etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 15 yoshdan katta har bir fuqaro hissasiga yiliga o‘rtacha 17,1 litr sof spirt to‘g‘ri keladi.
Mutaxassislar bunday reytinglar aholining turmush tarzi, madaniy muhit va sog‘lom hayot tarziga munosabatini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…