Hujjatsiz yerlar uchun avval hisoblangan uch karra soliq qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga yer uchastkasidan hujjatsiz foydalanganlik uchun 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha uch karra miqdorda hisoblangan yer solig‘i bekor qilindi. Bu tartib 2026 yil 15 iyunda qabul qilingan O‘RQ-1153-sonli qonun asosida joriy etildi.
Soliq organlari mazkur davr uchun oshirilgan stavkada hisoblangan summalarni avtomatik ravishda qayta ko‘rib chiqadi. Agar fuqaro soliqni avval to‘lab bo‘lgan bo‘lsa, ortiqcha mablag‘ boshqa soliq qarziga yo‘naltirilishi mumkin. Qarzdorlik bo‘lmasa, pul keyingi to‘lovlarga o‘tkaziladi yoki ariza asosida qaytarib beriladi.
Yangi qoida faqat 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha bo‘lgan davrga taalluqli. 2024 yil 1 iyundan keyin hujjatsiz foydalanilgan yerlar uchun uch karra soliq hisoblash amaldagi tartib bo‘yicha davom etadi.
Qonun bilan hujjatsiz yer uchastkalari va ulardagi binolarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish jarayoniga ham o‘zgartishlar kiritildi. Endi ayrim bir martalik to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Shuningdek, yer va mol-mulk solig‘idan qarz bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasa, bu holat huquqni rasmiylashtirish jarayonini to‘xtatmaydi.
Qonun ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish ishlarini tezlashtirish va fuqarolarga to‘sqinlik qilayotgan ayrim talablarni yumshatishga qaratilgan.




























Izohlar 0
…