Bugungi kunda Konstitutsiyaviy islohotlar inson qadri uchun, inson oliy qadriyat, inson – jamiyat davlat tamoyillari asosida olib boriladi. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida unga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan xalqimiz tomonidan ko‘plab takliflar kelib tushdi. Albatta, hech bir taklif e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Ular orasida o‘lim jazosini qaytadan tiklash borasidagi takliflar bor.
Konstitsiyaning 24-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, albatta, bu moddada insonning shaxsiy huquqi insonning yashash huquqi bilan bog‘liq normalar belgilab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan, o‘zgartirishlar borasidagi takliflarda o‘lim jazosini taqiqlash bilan bog‘liq normalar mustahkamlanib qo‘yilishi haqidagi takliflar ham ilgari surilayapti.
Yashirib nima qildik – bizda o‘lim jazosi bor edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan paytda jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida o‘lim jazosini nazarda tutuvchi 30 dan ortiq modda bo‘lgan. 1994 yilgi jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13 ta, 1998 yilda 8 ta, 2001 yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. 2003 yilda esa jinoyat qonunchiligini liberallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilganidan so‘ng faqat ikki turdagi jinoyat – qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchungina o‘lim jazosi nazarda tutildi. O‘lim jazosini uzil-kesil bekor qilish to‘g‘risidagi Prezident Farmoni 2005 yilda qabul qilingan bo‘lsa, 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda o‘lim jazosi jinoiy jazo turi sifatida bekor qilindi. O‘lim jazosi o‘rniga umrbod va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilishi belgilandi.
Aytmoqchimanki, O‘zbekiston jinoyat prootsessual qonunchiligidan o‘lim jazosini bekor qilish jarayoniga osonlikcha kelgani yo‘q. O‘n yildan ortiqroq vaqt oralig‘idagi kuzatuvlar, tahlillar, qaydlar, me’yoriy hujjatlarni qaytadan shakllantirish jarayonlari orqali biz rivojlangan davlatlar tutgan insonparvarlik yo‘liga qadam qo‘ydik.
Endilikda biz Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali o‘lim jazosini bekor qilish emas, aynan taqiqlanishi bilan bog‘liq normalarni mustahkamlab qo‘yishni nazarda tutyapmiz. Shunday jiddiy qadam qo‘yilayotgan bir paytda, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqidagi takliflarini o‘qish, tinglash erish tuyuladi. Ammo fikr o‘laroq har qanday taklif o‘rganiladi, qonun tarozisiga solinadi. Lekin bir narsaga e’tibor qaratishimiz kerak, yashash huquqi har bir insonning tabiiiy huquqi hisoblanadi, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etganligi takror-takror aytilayapti. Insonning aybdorligini isbotlash yoki sud jarayonlaridagi ko‘rib chiqilishi borasida, nomukammal sud tizimidagi bir xato insonning umriga zomin bo‘lishi mumkin. Qatl etilgan insonni esa ertaga qaytarib bo‘lmaydi.
Bugungi kunda –106 ta davlat, jumladan, Italiya, Norvegiya, Shvetsiya, Polsha va boshqa mamlakatda o‘lim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan. Shu nuqtai nazardan bizning konstitutsiyamiz 24-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi, degan normani belgilash, mustahkamlash maqsadda muvofiq.
To‘g‘ri, bugungi kunda jinoyatchilik soni ortib borayapti. Shu bilan birgalikda, tezkor qidiruv ishlari ham amalga oshirilayotgani natijasida jinoyatlar ochilayapti. Tabiiyki, o‘z navbatida jinoyatchilarga nisbatan jazo choralari qo‘llanmoqda.
O‘lim jazosini tiklash kerak, degan taklif bilan chiquvchilar “Bir necha marta ozodlikka chiqqanidan so‘ng ham har safar jinoyatga qo‘l uradiganlardan davlatga, jamiyatga foyda bormi?” degan savolni o‘rtaga tashlaydilar. Juda kam holatda qamoq tarbiyasi, ma’naviyatiga ta’sir qilmaydigan insonlarning mavjudligi rost. Ular aynan mana shuning uchun retsidivist, deb ataladi. Lekin ularga ham, yuqorida aytib o‘tganimizdek, hayot davlat tomonidan emas, Yaratgannning o‘zi tomonidan berilgan. Shunday ekan, bular eng og‘ir jinoyat sodir etgan taqdirda ularni uzoq muddatga yoki umrbod qamoq jazosiga hukm etish maqsadga muvofiqdir.
Inson tug‘ilganda jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Inson oila hamda jamiyatdagi muhit ta’siri ostida qabih ishlarga qo‘l uradigan shaxsga aylanishi mumkin. Uni bolaligidan tarbiyalasak, harom-halolning farqiga borishini o‘rgatsak, shu bilan moddiy ta’minotda hech qanday ehtiyojni sezmaydigan bo‘lsa, adolatni his etib, kamsitishni ko‘rmay ulg‘aysagina u inson jamiyatimizga, davlatimizga, yurtimizga yordami tegadigan yetuk bir inson bo‘lib yetishadi, albatta.
Inson hayoti oliy qadriyat va ilohiy ne’mat. Takrorlayman, endi Konstitutsiyada nafaqat o‘lim jazosini bekor qilish, balki qat’iy ravishda taqiqlanishini ham belgilab qo‘yiladi. Davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini yaqqol namoyon qiladi.
Inomjon Qudratov, deputat
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi