11:39 / 24.10.2022
2 025

Issiq-sovuq tufayli azobda yashadim

Issiq-sovuq tufayli azobda yashadim
Har gal ona qishlog‘imga borsam, bolalik xotiralarim uyg‘onadi. Bu ko‘chalardan maktabga, paxta dalalariga qatnaganimiz... Xullas, hamma kabi bolaligim izlarini qidiraman.

Qishlog‘imizda Gulmira degan qiz bo‘lar edi. Bizdan 8-9 yosh katta. Juda latofatli, lobar qiz edi. O‘sha paytlar qishloq qizlari ro‘mol o‘rab maktabga borardik. Shaharda ishlab, ro‘molsiz yurgan birinchi qiz o‘sha edi. Hayron qolganmiz, qishloqqa ro‘molsiz kirib kelibdi, degan shivir-shivirlar bo‘lgan. Qizning ko‘zi qizilda, deganlariday, yosh ekanmiz-da, havas qilganmiz o‘sha opaga. O‘sha paytlardagi may bayramiga atlas ko‘ylak, baland tufli kiyib, ko‘chani taq-tiq ovoz bilan o‘tgani hamon esimda. Keyin uzatilib ketib, bu gaplar tinchib ketdi.

Yozda paxta dalasida ishlab hammaning yuzi qorayib, yorilib ketsa ham o‘sha qizga hech nima bo‘lmasdi. Biz qo‘limizning qadog‘ini kir sovunda yuvib, g‘isht bilan ishqalab ketkazib, vazilen, gletsirin degan narsalar surardik. Qo‘l, yuz uchun maxsus krem borligini, Gulmira opa o‘shalarni ishlatishini eshitib, hayron qolganmiz. Kichkina qizlarning har kunlik mavzusi katta qizlar bo‘lardi.

Yaqinda qishloqqa borib, Gulmira opani uchratib qoldim. Qishloqning eng oxirida turadigan singlimning uyidan keyin ko‘p uylar tushibdi. Biz paxta tergan dalalarda ko‘pqavatli uylar qurilibdi. Xullas, singlimnikiga borayotsam, shu xonadonlarning biridan Gulmira opa chiqib kelayotgan ekan.

Men bilan juda qalin so‘rashdi. Hayron bo‘ldim. Yoshligimizda yaqiniga borish havas bo‘lardi. Hamon yosh, go‘zal...

– Toshkenlik bo‘p ketibsan. Ishlaring yaxshimi? Jurnalist deyishadi. Televizorda chiqmaysan, – dedi.

– Hamma jurnalist televizorda chiqavermaydi-da. Men gazeta, jurnallarda ishlab yuribman, – dedim.

– Uyga yur, senga aytadigan gapim bor, necha yillardan beri saqlab yuraman, aytmasam bo‘lmaydi. Buni yozishing kerak. Odamlar o‘qib, xulosa chiqarsin. Hech kim birovni issiq-sovuq qilmaydi shunda...

– Tinchlikmi, opa. Vaqtim yo‘q edi. Singlimni ko‘rib qaytaman. Keling, unikida gaplashamiz.

– Yo‘q, kuyovlaring badqavoq, qo‘nqi. Yoqtirmaydi singling bilan gaplashsam. Seni kutib turaman.

Singlimnikiga kirib, vaziyatni aytib qaytib chiqdim. Yillar o‘zgartirmagan Gulmira opaning menda qanday gapi bo‘lishi mumkin? Issiq-sovuq, dedimi? Men uning nimasini yozaman?

Xullaas, opaning ayvoniga qo‘yilgan stullarga o‘tirdik. Bir kelin choy olib keldi. Opa uning uzoqlashishini kutib turdi. Keyin gap boshladi: – Pochchangni taniysan-a? Men shu insonni yo‘ldan urib, issiq-sovuq qilib tekkanman. Hayron bo‘lding-a. Xullas, shahardan ishdan kelsam, uzoq qarindoshimizning o‘g‘li harbiy xizmatdan kepti. Shu yigit biznikiga soldat to‘yga aytgani keldi. U vaqtlar to‘yxat bo‘lmasdi. Uyma-uy yurib, to‘ylarga aytilardi. Farzandining ikki yillik xizmatdan kelganining shukronasiga ota-onalar uyida osh berardi. Uyda hech kim yo‘q edi. Chiqib kutib oldim. Muloyim gapirishi, uyda hech kim yo‘qligiga xijolat bo‘lib, darvozadan kirmagani menga yoqib ketdi.

Kechqurun ayamdan shu yigit haqida surishtirdim. Xullas, qarindosh ekan. Xayolim, esu-fikrim shu bolada. Buni ishxonamizda birga ishlaydigan opaga aytdim. U ayol xodimlar bo‘limida, men xatlar bo‘limida ishlardik. Sirdosh bo‘lib qolgandik. Opaning boshliq bilan yaqin munosabatini mendan boshqa hech kim bilmas edi. Opa menga o‘sha yigitni qanday “qo‘lga kiritish”ni o‘rgatdi. Xullas, issiq-sovuq qilingan narsani qarindoshimga yedirishim kerak. O‘ylab o‘yimga yetolmayman. Bir kuni ko‘chada shu bolani ko‘rib qoldim. Orqasidan shoshib borib, salom berdim. Unga sovg‘am borligini aytdim. Hayron bo‘ldi.

“Qarindoshmiz-ku. Sovg‘amni olmaysizmi?” dedim noz bilan. Bunaqa nozlanish, imo-ishora qilishlarniyam o‘sha opadan o‘rgangandim. Yigit qiziq, deb uyalib turdi. Uni ishxonamga taklif qildim. Ertasi kuni tushlik payti keladigan bo‘ldi. Issiq-sovuq degan narsani masalliqlarga qo‘shib, shirin kulcha pishirdim. Uydagilarga pishirganimdan alohida qilib yashirib qo‘ydim. Ertasi kuni u keldi. Men unga o‘z qo‘lim bilan pishirgan kulchani va do‘ppi sovg‘a qildim. U esa menga qaysidir eron qo‘shiqchisining magnitofonga qiyiladigan kassetasini berdi. Kulchaning mazasini ko‘ring, dedim. Ozroq yeb, qo‘lingiz shirin ekan, dedi. Siz uchun atay pishirdim, dedim. U uyalib, yerga qaradi. Yana uchrashib turish va’dasini oldim.

Xullas, u menga sovchi qo‘ydi. Tez orada to‘y bo‘ldi. O‘g‘ilchali bo‘ldik. Baxtlimiz. Hammasi yaxshi ketayotgandi. Bolam hech rivojlanmadi. Tekshirtirsak, yurak yetishmovchiligi bilan tug‘ilgan ekan. Nobud bo‘ldi. Harbiy xizmatdan kelib, arxitetura bo‘yicha o‘qishga kirgan erim uchinchi kursdan o‘qishni tashlab, shaharda aylanib keladigan odat chiqardi. Ota-onasining xabari yo‘q. Bir kuni qaynonamga aytdim. Uyda janjal bo‘ldi. Otasiga gap qaytargani uchun achchiq ustida oq qilib qo‘ydi. Bu narsalarni tushunmasdim. Yangi qurilayotgan imoratni tezlashtirib, bizni alohida ko‘chirib chiqarishdi. Keyin bir qiz, ikki o‘g‘il ko‘dik. Erim dangasa va yolg‘onchi edi. Hech ish qilmas, qaynonam qaynatamdan yashirib, ul-bul tashlab ketar, shuni yerdik.

Mustaqillikdan keyin o‘tish davri deb qiyinchilik bo‘p ketdi. Nonga navbatgayam chiqmay yotaverardi. Uyimizdan, qaynonamdan yordam kelib turadi. Bu odam uyalmay yotib yeydi. Kechqurunlari shaharcha chetidagi qarovsiz uyda o‘rtoqlari bilan karta o‘ynaydi. Bir amallab chidayman. Lekin bolalarim kasal bo‘lib qolsa, yalinaman, yolvoraman, janjallashaman. U odamga farqi yo‘q. Bir kuni ishxonamdagi opaning oldiga borib bo‘layotgan ishlarni aytdim. Issiq-sovuqning kuchi shunaqa bo‘ladi, dedi kulib. Hammasiga shu ayol aybdordek uni yomon ko‘rib ketdim. Uydan onamnikiga ketib qolaman, yalinib borib olib keladi. Uzr, so‘raydi, o‘zgaraman, deydi. Gapida turmaydi.

Bir kuni qaynotamni ko‘rib, gapingizni qaytib oling, deb yig‘ladim. Oq qilganingizga ishi yurishmayapti dedim. Qaynatam “Gapimni o‘sha payti qaytib olganman. Uyi bo‘lak bo‘lsa, mas’uliyati ortar, degandim. O‘g‘lim bunaqa emas, edi, xizmatdan kelib aynidi. Qizim, sizning oldingizdayam yuzim shuvit. Birovning aziz bolasisiz. Buning holiga hayronman. Ayangiz yashirib yeguliklar obkelishiniyam bilaman. Nima qilay, bolam-ku”, dedi. Ichimda suyaklarimniyam eritib yuborgudek isitma turdi, birovning aziz bolasi... xizmatdan kelib aynidi... bu gaplar miyamni qaynatar, issig‘i yuzimga chiqardi.

Bolalarni bog‘chaga berib, eski ishxonamda ishlay boshladim. Qaynim akasiga yukxonali mototsikl olib berdi. Bozordan odamlarning yukini tashib berib, pul ishlay boshladi. Afsuski, bu pullarni ichkilikka sarfladi. Men unga e’tibor qilmay bolalarimni o‘ylab yashadim. Yana ishxonamda o‘sha opa bilan ahilman. U qaysi boshliq kelsa, shu bilan inoq. Qanday ilintirgani, nima qilgani haqida gapiradi. Menga endi bu gaplarning qizig‘i yo‘q. Aroqdan sovutadigan sehrni izlardim. Opani bir yomon ko‘rsam, bir havas qilardim. G‘alati bir ahvolda edim. Bolalarim ham katta bo‘p qoldi. Qizimni maktabni tugatgan yili uzatdik. O‘g‘lim ham onda-sonda ichayotganini bilib qoldim. Uylantirib qo‘ydik. Ichib kelsa, xotinini urardi. Xullas, ichib ishdan qaytayotganda ariqqa yiqilib... o‘ldi...

Kelinni ko‘ch-ko‘roni bilan olib borib qo‘ydim. Qudalarim ham ichdan kuydi. Tez orada ikkinchi o‘g‘limni uylantirdik. Farzandli bo‘ldi. Pandemiya boshlanib, ishxonamizda yoshi kattalar pensiyaga ketdi. Mening yoshim yetmasa ham bo‘shatishdi. Yoshim bir joyga borganda bir odam bilan gap-so‘z chiqdi. Bunga o‘zim ham aybdor edim. Ochig‘i, ishimdan, hayotdan sovub ketgandim. Shu orada qizim ajrashaman, deb turib oldi. Eri ichib olsa, urar, qiynar ekan. Qaynonasi atay urdirarkan. Uyimiz tor. Kelin tishli-tirnoqli. Qizimga kelma, dedim. Baribir keldi.

Shunchalikka bordimki, erimga xiyonat qilganimni aytdim. U so‘ljayib, bo‘lar ish bo‘pti, dedi. Qizimni olib qishloqqa kelib ukalarim yordamida mana shu uyni tikladik. Erim ham ko‘chib kelib oldi. O‘g‘limda qolgan hovlining yarmini sotdik. Shuni bu uyga ishlatdik. Erim nima qilsam, kechiradi. Achchig‘im chiqib, ket, o‘g‘lim bilan yasha, senga chidamayman, deyman. Ketmaydi.

Bundan boshqa gaplar ham ko‘p. Qisqasi bitta issiq-sovuq bilan bir odamning, o‘zimning hayotimni barbod qilganman.

– Tavba qilmadingizmi? Haliyam kech emasdir, tavba qiling. Hayotingiz yaxshi tomonga o‘zgarsa, ajabmas...

– Balki vaqti kelib, menga ham insof kirar. Sen bularni yozgin, odamlar bilsin.

– Yoza olmayman. Kechirasiz. Qanaqa usulda issiq-sovuq qilganingizni hech qachon yozmayman. Biorta ayol shu yo‘ldan foydalanib ko‘rsa-chi? Axir, erini boshqa ayollardan qizg‘onib, izmiga ololmay yurgan ayollar kammi? Bu usulni qo‘llab ko‘rsa, men ham gunohkor bo‘laman.

– Mayli, o‘zing bilasan. Yillar davomida ichimni o‘rtab yotgan darddan qutildim. Ishxonamdagi opa olamdan o‘tdi. Sirdoshim qolmadi. Qizimning muammosi ko‘p.

– Kechirasizu, meni sirdosh bilib, butun hayotingizni aytib berdingiz, chekishni tashlang. Qizingizni, nevaralaringizni oldingizga olib ibodatlarni o‘rganing, o‘rgating. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q, imkon bor. Men boshqa maslahat bera olmayman. Yozib chiqdim ham deylik, sizning hayotingizda nima o‘zgaradi? Siz hayotingizni o‘zgartirishga harakat qiling.

Gulmira opa mening ketishimni istayotganini sezdim. Piyoladagi choy sovub, usti xira tortib qolibdi. Ko‘nglim ham shunday bo‘ldi. Bu opaga bolalikdagi tiniq xotiralar bilan ergashib kelgandim. Ko‘ngimga kir tushdi. Xayrlashib, ota uyimga qaytdim.

Mayli, opaning sazasi o‘lmasin. Nihoyat bugun qog‘ozga tushirdim. Gunoh bilan boshlangan ish o‘z oilasining parokandaligiga olib kelgan. Shuning uchun har qanday “do‘st”ning aytganiga kirmaslik kerak.

Mushtariy

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat