Chirchiq daryosi sohili kutilmaganda o‘pirilib ketdi

Toshkent shahrining Bektemir tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi sohilida o‘pirilish holati qayd etildi. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiy ma’lumot tarqatdi.
Bildirilishicha, 11 iyun kuni soat 14:00 atrofida “Nurafshon” mahallasi hududida joylashgan suv so‘ndirgich inshootining oqim bo‘ylab o‘ng qismidagi beton qoplama va sohil hududida yer ko‘chishi yuz bergan.
Hodisa haqida xabar olingach, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev boshchiligidagi ishchi guruh zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, mahalliy hokimlik va tegishli idoralar vakillaridan iborat tezkor shtab tashkil etildi.

Ayni paytda hududda tiklash va mustahkamlash ishlari jadal olib borilmoqda. Bu ishlarga ekskavatorlar, yuk tashuvchi texnikalar hamda bir qator mutaxassislar jalb qilingan.
Mas’ullar ma’lum qilishicha, o‘pirilish oqibatida aholi yashash uylari, ijtimoiy obyektlar yoki tadbirkorlik subyektlariga zarar yetmagan. Shu bilan birga, hozircha fuqarolar xavfsizligiga tahdid mavjud emasligi ta’kidlanmoqda.





























Izohlar 0
…