Har qanday musulmon borki, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning siyratlariga ergashishga va unga to‘liq amal qilishga urinadi. Chunki Alloh taolo o‘z oyati karimasida u zotni maqtab shunday deydi:
“Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi”, (Ahzob, 21).
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida qanday amallar bilan mashg‘ul bo‘lganlar?
Quyida sizga u zotning bu oyda qilgan amallarning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
— Saharlikni oxirgi vaqtigacha kechiktirar, iftorlikni tezlashtirar edilar. Sahobalarni ham shunday qilishga buyurar edilar. Ya’ni iftorlikni Quyosh botishi bilan qilar edilar. Lekin ba’zi musulmonlarda iftorlikni shom namozidan keyin hatto xufton namozigacha kechiktirib xatoga yo‘l qo‘yadilar. Xuddi shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarni saharlik qilishga undar edilar.
— Qiyomul Layl (tungi namoz)ni ko‘paytirar edilar.
— Qur’on qiroat qilishni ziyoda qilar edilar. Har Ramazon oyida Qur’oni karimni Jabroil alayhissalomga bir marotaba o‘qib berar edilar.
— Alloh yo‘lida ko‘plab Xayr-ehson qilar edilar. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiysi edilar. Lekin u zotning saxiyliklari bu oyda yana ham ziyoda bo‘lar edi.
— Fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan oldin berar va sahobalarni ham shunga buyurar edilar.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini qulga ham, hur insonga ham, erkak-ayol, katta-kichik musulmonlarga bir so’ hurmo va arpadan berishni farz qildilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
— Oxirgi o‘n kunlikni ko‘proq ibodat bilan o‘tkazar edilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kirganda kechalarni bedor o‘tkazar, ahllarini ham uyg‘otar va izorlarini shimarar edilar” (Imom Muslim rivoyati).
Ba’zilar hadisdagi «izorlarini shimarar edilar» degan gapni, ibodatga ko‘proq vaqt bo‘lishi uchun ayollaridan tiyilar edilar deb tafsir qilishgan. Ba’zilar esa ibodatga qattiq kirishganlaridan kinoya tarzda keltirilyapti, deganlar.
— Oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar. Bu payt ayollardan va barcha ishlardan uzoqlashib, vaqtlarini zikr, tavba va ibodatlar bilan o‘tkazar edilar.
Muhammad Ali Muhyiddin tayyorladi
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar