Ayollarning maosh toʻlanadigan ishda ishlamasligi gender tengsizlik, erkaklarning bunga qarshi boʻlishi kabi madaniy omillar bilan bogʻliqligi haqidagi stereotip keng tarqalgan. Lekin tadqiqotlar kambagʻal mamlakatlarda ayollarning mehnat bozorida faol emasligi sof iqtisodiy asoslarga ega ekanini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda ayollarning ishlamasligini izohlaganda, asosan gender tengsizlikka olib keluvchi omillar, ya'ni patriarxal tuzum, oila a'zolarining aralashuvi, "macho mentaliteti" kabi konservativ tushunchalar sabab qilib koʻrsatiladi.
Keng tarqalgan narrativlar ayollarning ishlamasligiga, masalan, quyidagilarni sabab qilib koʻrsatadi:
- Jamiyat "macho mentalitet"ga ega, ya'ni erkaklarga qaratilgan kutilmalar juda koʻp. Qolaversa, erkaklar kuchli rashk tufayli ayolining ishlashiga qarshi boʻladi.
- "Ayollar kamroq qobiliyatli, shuning uchun ularning joyi uyda" kabi stereotiplar mavjud.
- ""Ishlash ayolning ayollik xususiyatlariga putur etkazadi" kabi stereotiplar ham keng tarqalgani bois ayollar haq toʻlanadigan ishlarda ishlamaydi.
Tushunganingizdek, ayollarning ishlamasligi gender tengsizligi yoki madaniy normativlar bilan izohlanadi: konservativ qarashlar va patriarxal tuzum tufayli, erkaklar ayollarning ishlashiga toʻsqinlik qilishi yoki ularning uy-roʻzgʻor ishlari bilan shugʻullanishini talab qilishi ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini cheklaydi.
Jahon bankining 2024 yilgi "Oʻzbekistonda gender tengligi tahlili"ga koʻra, ayollar oʻrtasidagi ish haqi va bandlikning pastligi iqtisodiy oʻsishga salbiy ta'sir koʻrsatmoqda va kambagʻallikni kuchaytirmoqda. Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, Oʻzbekistonda milliy daromad 29 foizga oshar ekan. Ayollarning erkaklar bilan bir xil maosh olishini ta'minlash esa 700 mingdan ortiq odamni kambagʻallikdan chiqarishga yordam berar ekan.
Sababmi yoki oqibat?
Yuqorida sanab oʻtilgan ijtimoiy normativlar, aslida, iqtisodiy sharoitlarning oqibati boʻlishi mumkin. Ayollarning ishlamasligi, Oʻzbekiston kabi past daromadli mamlakatlarda, odatda, iqtisodiy jihatdan “tabiiy qaror” boʻladi. Boshqacha qilib aytganda, ayollarning ishlashi koʻpincha iqtisodiy jihatdan samarasiz sanaladi. Chunki bolalarni bogʻchaga berish, uy-roʻzgʻor ishlari xizmatini yoki ovqat tayyorlash xizmatini sotib olish kabi xarajatlar ayolning ishlashidan keladigan daromaddan koʻproq boʻlishi mumkin. Ya'ni haq toʻlanadigan ishning muqobil qiymati boʻlmish haq toʻlanmaydigan ishning qiymati ancha yuqori. Shu tufayli, ayollarning ishlamasligi oilaga iqtisodiy jihatdan foydaliroq hisoblanadi. Masalan, oʻzbekistonlik ayollarning uchdan ikki qismi 2 mln soʻmgacha maosh oladi. Shu bilan birga, atigi 1 foizining oylik maoshi 5 mln soʻmdan oshadi.
Koʻrib turganingizdek, bunday maosh bilan ayollarning ishlashi, oila uchun iqtisodiy jihatdan noratsional qaror sanaladi. Ovqat, transport, uy yumushlari xizmati yoki bola tarbiyasi xizmatini sotib olish xarajatlari ayollarning oʻrtacha oylik maoshidan ancha yuqori. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki barcha kambagʻal mamlakatlarda shu omil sabab haq toʻlanadigan ishlarda ayollarning ulushi erkaklarnigiga nisbatan kam boʻladi.
HeadHunter ma'lumotiga koʻra, Oʻzbekistonda ayollar asosan tibbiyot, ta'lim muassasalari, buxgalteriya, xodimlarni boshqarish, san'at va madaniyat kabi xizmatlar sohasida ishga taklif qilinadi. Shu bilan birga, 2023 yil yakunlariga koʻra YaIM tarkibida xizmatlar sohasi ulushi 43,4 foizni, qurilish, sanoat va qishloq xoʻjaligi ulushi esa 56,6 foizni tashkil etgan. Xizmatlar sohasida Toshkent shahrining ulushi 45-50 foizdan yuqori ekanini inobatga olsak, boshqa viloyatlarda ayollar uchun ish taklifi Toshkent shahriga nisbatan ancha kamligini taxmin qilish mumkin. Qisqa qilib aytganda, mamlakatda ayollar ishga taklif qilinayotgan sektor ulushi erkaklar taklif qilinayotgan sektor ulushidan kamroq.
Madaniy normativlarning iqtisodiy ildizi
Gender tengsizligi yoki konservativ qarashlar – iqtisodiy sharoitlarga moslashgan ijtimoiy normativlardir. Iqtisodiy sharoitlar yaxshilangach, bunday normativlar oʻzgarishi mumkin.
Masalan, Ister Dyufloning "Ayolning imkoniyatlari va iqtisodiy taraqqiyot" nomli tadqiqotida iqtisodiy imkoniyatlar oshgani sari ayollar mehnat bozorida faolroq boʻla boshlashi ta'kidlangan. Iqtisodiy resurslarning koʻpayishi, tabiiyki, uy ishlaridagi yukni kamaytiradi va mehnat bozorida ayollar ham faolroq ishtirok eta oladi.
Oson sotiladigan javoblar
Patriarxal madaniyatni asos qilib keltirish iqtisodiy mantiqni tushuntirishdan koʻra osonroq. Erkaklar ayollarga “ishlama, uyda oʻtir” deyish orqali iqtisodiy samarasizlikni yashirishga urinishlari mumkin. Boshqacha qilib aytganda, ishlash qimmatga tushishini tushunish va tushuntirishdan koʻra, oʻzining dominant ekanini eslatish engilroq javob boʻlishi mumkin.
Gari Bekkerning oila iqtisodiyoti boʻyicha nazariyasida gender rollari va qarorlar koʻpincha iqtisodiy foyda va xarajatlarga asoslangani ta'kidlanadi. Uning “Oila haqida risola” nomli asarida oilalar vaqt va resurslarni qanday taqsimlashi va oʻzaro kelishuvga kelishini tahlil qiladi. Bekkerning nazariyasi an'anaviy gender rollarini oila ichidagi ixtisoslashuvning oqibati sifatida tushuntiradi. Hammasi oddiy: mehnat bozorida yuqori daromad olish imkoniga ega shaxs (odatda erkak) ishlaydi, ayol esa uy xoʻjaligi ishlariga e'tibor qaratadi. Bunday qarorlar oilaning umumiy foydasini maksimal darajaga etkazish maqsadida qabul qilinadi. Shu bilan birga, gender normativlari iqtisodiy oʻzgarishlarga moslashadi, deb ta'kidlaydi u.
Nima uchun ayollarning ish haqi erkaklarnikiga nisbatan past?
Kambagʻal mamlakatlarda mehnat bozorida ayollarga nisbatan diskriminatsiya keng tarqalgan. Bu muammo ham iqtisodiy sharoitlar bilan bogʻliq.
Rivojlanmagan iqtisodiyotlarda, jumladan Oʻzbekistonda ham, yuqorida yozilganidek koʻproq qoʻl mehnati talab qilinadigan sohalar rivojlangan boʻlib, ular odatda erkaklar uchun mosroq hisoblanadi. Bu ayollarning mehnat bozorida diskriminatsiyaga uchrashiga olib keladi.
Bundan tashqari, ayollar farzandli boʻlgandan keyin kasbiy faoliyatini cheklashga yoki tanaffus qilishga majbur boʻlishadi. Bu esa ularning ish imkoniyatlarini pasaytirishi mumkin. Koʻplab ish beruvchilar ayollarning tugʻruq ta'tili yoki oilaviy majburiyatlari sababli ular kamroq foyda keltiradi deb hisoblashadi. Bu haqda iqtisodchi Charlz Uilan ham oʻzining "Yalangʻoch iqtisodiyot" kitobida yozib oʻtgan.
Xulosa
Ayollarning ishlamasligi koʻpincha madaniy normativlar yoki gender tengsizligiga bogʻliq, degan fikr yuzaki va notoʻgʻri boʻlishi mumkin. Asl sabab kambagʻal mamlakatlardagi iqtisodiy sharoitlar bilan bogʻliq. Madaniy normativlar yoki biz koʻp tilga oladigan gender tengsizligi bu sharoitlarning oqibati boʻlib, ular iqtisodiy sharoit yaxshilanganda oʻzgarishi mumkin. Iqtisodiy oʻsish ayollarni mehnat bozoriga jalb qiladi, ularning ta'lim darajasi hamda ish haqlarining oshishiga olib keladi.
Muhammad Turniyozov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Tashqi razvedka: Gʻarb Ukraina Qurolli kuchlari mudofaasi barbod boʻlishini istisno etmayapti
Suriya gʻarbida Asad tarafdorlariga qarshi operatsiya boshlandi
Munajjimlar bashorati: 2025 yilda bizni nimalar kutmoqda?
Abduqodir Husanov Pep Gvardiolaning sevimli tanlovi(mi?)
Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligi nishonlanadi
Saudiya Arabistonida olti nafar eronlik qatl qilindi
Zelenskiy Ukrainada saylovlar qachon boʻlib oʻtishini ma'lum qildi
Bayden Eron yadroviy ob'ektlariga zarba berishni muhokama qildi