Buxoroda qizini ko‘rishga kelgan 17 yashar yigitni, otasi kaltakladi

Buxoro viloyatida 17 yashar yigit sevgan qizi bilan uchrashish uchun borganida uning otasi va boshqa shaxslar tomonidan kaltaklangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bolalar ombudsmani ma’lum qilishicha, voqea 28 avgust kuni sodir bo‘lgan. Fuqaro E.R. qizi bilan ko‘rishish uchun kelgan 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan yigitni majburan avtomashinaga o‘tqazib, qarindoshi F.F.ning xonadoniga olib borgan.
U yerda yigit boshqa shaxslar bilan birga kaltaklangan. Sud-tibbiy ekspertizasi natijasida uning tanasining turli qismlarida jarohatlar borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 7 sentyabr kuni E.R. va F.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining odam o‘g‘rilash hamda qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda jinoyat ishi doirasidagi dastlabki tergov harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan jabrlanuvchining sha’ni, qadr-qimmati va manfaatlarini inobatga olgan holda, ish bo‘yicha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, Ombudsman bolaning protsessual huquqlari ta’minlanishini kuzatib borishini ma’lum qildi.






























Izohlar 0
…