Mudhish voqea: Qashqadaryoda ota 400 ming so‘m uchun 15 yoshli qizini urib o‘ldirdi

Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida ota 400 ming so‘mni undan so‘ramasdan olgan 15 yoshli qizini o‘qlov bilan kaltaklab, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi erkakka 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2025 yil 13 mart kuni sodir bo‘lgan. 1982 yilda tug‘ilgan Q.J. hamyonidagi 3 million so‘mni sanab ko‘rganida 400 ming so‘m kamligini aniqlagan. U avval turmush o‘rtog‘idan pulni kim olganini so‘ragan. Keyinchalik 15 yoshli qizi G. pulni so‘ramasdan olganini tan olgan.
Shundan so‘ng erkak xotini va boshqa farzandlarini xonadan chiqarib yuborgan hamda o‘g‘lidan oshxonadan o‘qlov olib kelishini so‘ragan. O‘qlov bilan qizining qo‘llariga urganida, yog‘och ikkiga bo‘linib ketgan. Shunga qaramay, u kaltaklashni davom ettirgan.
Erkak qizining yuzi va og‘iz sohasiga bir necha marta shapaloq urgan, shuningdek, o‘qlovning singan qismi bilan uning qo‘l va oyoqlariga zarba bergan. Qizning baqirganini eshitgan onasi va ammasi uni himoya qilishga uringan, biroq ota ularni xonadan chiqarib yuborgan.
Keyinchalik erkak qizining orqa va kurak sohalariga ham bir necha marta zarba bergan. Qizning ahvoli yomonlashgach, kaltaklash to‘xtatilgan. Onasi uning yuzini yuvib, kiyimlarini almashtirgan.
Oradan taxminan 10 daqiqa o‘tib, qiz o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgan. Ota soat 00:52 da tez yordam chaqirgan. Tibbiyot xodimlari yetib kelganida esa qizning taxminan yarim soat avval vafot etgani aniqlangan.
Voqea joyiga ichki ishlar va prokuratura xodimlari kelib, qizning tanasidagi jarohatlarni qayd etgan. Erkak qizini o‘zi urganini tan olib, singan o‘qlovni huquq-tartibot xodimlariga topshirgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi marhumaning tanasida yopiq bosh miya va ko‘krak qafasi shikastlanishi, miya pardalari ostiga qon quyilishi, shuningdek, o‘pka to‘qimalari, qovurg‘alararo mushaklar va teri ostida katta hajmdagi qon quyilishlari mavjudligini aniqlagan.
Q.J. sudda qizini o‘ldirish niyati bo‘lmaganini, uni «tarbiyalamoqchi bo‘lganini» bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi Q.J.ni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.






























Izohlar 0
…