Chilonzorda kuzatuv kamerasini sindirgan ikki yigit 3 sutkaga qamaldi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uy yo‘lagiga o‘rnatilgan yuzni tanib oluvchi kuzatuv kamerasini tepib sindirgan uch nafar yigit aniqlandi. Ularning ikki nafari sud qarori bilan uch sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea yarim tunda sodir bo‘lgan. Kamerani sindirgan yigitlardan ikki nafari 2004 va 2005 yillarda tug‘ilgan bo‘lib, uchinchisi voyaga yetmagan. Shuningdek, ularning ikki nafari voqea vaqtida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda bo‘lgan.
Hodisadan so‘ng profilaktika inspektori tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Yigitlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi — mayda bezorilik hamda 194-moddasi — ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, ikki nafar yigitga uch sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Voyaga yetmagan yigitga nisbatan esa uni maxsus nazoratga olish masalasini ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaga taqdimnoma kiritilgan.
Qayd etilishicha, yigitlar o‘z qilmishlaridan pushaymon ekanini bildirib, sodir etgan harakatlari uchun kechirim so‘ragan.
Ko‘p qavatli uylarning umumiy foydalanish joylariga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari aholi xavfsizligini ta’minlash va hududdagi holatlarni nazorat qilishda muhim ahamiyatga ega. Bunday qurilmalarni qasddan shikastlash esa nafaqat mulkka zarar yetkazadi, balki uy aholisining xavfsizlik tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.






























Izohlar 0
…