23:46 / 21.01.2021
3 778

Mening qahramonim kim bo‘lgan?

Mening qahramonim kim bo‘lgan?
Turkiya, Ankara. 2018 yil. Ilmiy anjuman. prof. Ibodullayev Z.R.
Savol. Zarifboy Rajabovich! Maktabda o‘qib yurgan davringizda kim bo‘lishni xohlagansiz, qanday orzu-umidlar qilgansiz?
Javob.
Men 10-12 yoshimda quruvchilik kasbiga juda qiziqardim. Chiroyli imoratlar qurgim kelardi. Chunki bizning bir qarindoshimiz uyimizga tashrif buyurganida to‘rt qavatli yangi imoratlar tiklayotgani haqida to‘lqinlanib gapirgan. U quruvchilik haqida so‘zlaganida har birimizni o‘ziga rom qilib qo‘yardi. O‘sha paytlari namoyish etilayotgan “Mahallada duv-duv gap” filmidagi yangi qurilayotgan imoratlarni tomosha qilib, quruvchilik kasbini orzu qilganman.

Bir oz ulg‘aygach, fizika fani meni o‘ziga rom qilib qo‘ydi va fizik olim bo‘laman, deganman. Fizika ustozimiz juda bilimli inson edilar. Ular butun olam tortishish qonuni, atomlarning parchalanishi, magnit maydonlari haqida juda qiziqarli qilib bizga dars o‘tardilar. Ustoz, ayniqsa, Rezerford va Eynshteyn tajribalari haqida ko‘p gapirardilar.

Savol. Uyingizda qanday kitoblar bo‘lgan?
Javob.
Mening otam til va adabiyot o‘qituvchisi edi. Otam juda chiroyli misralarni bir zumda to‘qib tashlardilar, bizlarga esdan chiqmaydigan hikoyalar so‘zlab berardilar. Uyimizda juda katta kutubxona bo‘lgan. Uyimizga to‘plangan jurnallarning o‘zi bir xonaga sig‘masdi. Otam O‘zbekistonda chiqadigan deyarli barcha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lardi. Pochtachi bizning uyga kelganidan so‘ng xaltasi bo‘shab qolardi. Bizning uyda, hatto, 30-40 yillik gazetalar ham saqlanib turardi. “Gulxan”, “Fan va turmush”, “Sharq yulduzi” jurnallarini rosa mutolaa qilardim. Menga “Kalila va Dimna” asari yod bo‘lib ketgandi.

Savol. Nega tibbiyotni tanlagansiz?
Javob:
Tibbiyotga qiziqib qolishimga onam sababchi bo‘lganlar. Ular migren kasalligidan aziyat chekardi va bosh og‘riq xurujlari tez-tez qiynab turardi. Esimda, 8-sinfda o‘qib yurgan kezlarim maktabdan uyga kelsam, onam bosh og‘riq xurujiga chidolmay, buvimga suyanib o‘tiribdilar. Boshlarini ro‘mol bilan qattiq bog‘lab olganlar. Meni ko‘rib bag‘rilariga tortdilar-da: “Bolam, bu azobdan qachon qutulaman?” deb yig‘lab yubordilar. Yuragim ezilib ketdi. O‘sha ondan boshlab “Men doktor bo‘lishim kerak” deb o‘z oldimga qat’iy maqsad qo‘yganman.

Savol. Ustoz, qahramonlaringiz kim bo‘lgan?
Javob.
Mening qahramonlarim o‘zgarib turgan. Masalan, quruvchi bo‘laman degan paytlarim qahramonim o‘sha quruvchi qarindoshimiz edi. Fizikaga qiziqqan paytlarim Rezerford va Eynshteynga mahliyo bo‘lganman. Ularga o‘xshab kashfiyotlar yaratishni orzu qilganman. To‘g‘risini aytsam, men o‘ta xayolparast edim. O‘sha paytlari rasm ham chizardim, kichik she’rlar ham yozardim. Oilamizda akam, men va ikki ukam yaxshi rasm chizardik.

Men Eynshteynning rasmini chizib, xonamga osib qo‘yganman. “Kalila va Dimna”ni o‘qib, shunga o‘xshash hikoyalar to‘qib, otamga so‘zlab berardim. Otamga har tomonlama havasim kelardi. Ular fikrlash doirasi juda keng, biroq juda sodda odam bo‘lganlar. Tibbiyot institutiga kirganimda akademiklar O‘ktam Oripov, Komiljon Zufarov, Nabi Majidovga havas qilganman. Ular mening qahramonlarim edi.

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Yosh kuch” jurnaliga berilgan
intervyusi. 2016 yil, fevral.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mening qahramonim kim bo‘lgan?