date
views 3 189

Asal Shodiyeva, Yigitali Mamajonov va boshqa mashhurlarning ilk daromadi haqidagi xotiralari

Asal Shodiyeva, Yigitali Mamajonov va boshqa mashhurlarning ilk daromadi haqidagi xotiralari
Inson hayotida «ilk» so‘zi bilan bog‘liq xotiralar hech qachon unutilmaydi. Ilk muhabbat, ilk ustoz, ilk muvaffaqiyat yoki ilk daromad... Xo‘sh, mashhur ijodkorlar ilk daromadlarini qanday xotirlaydi? Quyida ulardan ba’zilarining ilk xotiralari bilan tanishasiz.

Asal Shodiyeva

Foto: Instagram / @asalshodieva
Ilk gonorarimni Ravil Botirovning «Jannat qaydadir» filmidagi rolim uchun olganman. Davlat buyurtmasi asosida olingan filmdagi rolim uchun 400 ming so‘m gonorar berishgan. Filmda kichik rol ijro etishdan tashqari, saundrektini ham duet tarzida ijro etgandim. 2008 yilda yosh qiz uchun bu kam gonorar emasdi, — deydi aktrisa Asal Shodiyeva.

Yigitali Mamajonov

Foto: Instagram / @alimamadzhanov
Birinchi gonorar bilan bog‘liq xotiralar insonni quvontirishi kerak. Ammo menda unday emas. 2011 yili davlat filmida suratga tushganman. Bu filmdagi ilk katta rolim edi. Davlat filmi shart-sharoitlar boshqacha bo‘ladi, degan umid bo‘lgan. Adashmasam qish oyi edi. Sovuqda eshakdek (shunday deyishga majburman) ishlab, hamma ish bitganidan so‘ng qo‘limga 870 ming so‘m gonorar berishgan, — deydi aktyor Yigitali Mamajonov.

Nigora

Foto: Instagram / @oybeknigora
San’atdagi ilk daromadimni prodyusserlik markazi bilan hamkorlik qilishni boshlagandan keyin olganman. Ammo undan avval to‘rt yil davomida ishlaganman. Birinchi daromadimni 14 yoshimda uch oylik ta’til vaqtida olganman. O‘shanda mahallamizdagi bog‘chada enagalik qilganim uchun pul berishgan. Pulni rahmatli dadamga olib kelganimda, shu pulga bozorlik qilib o‘z qo‘llari bilan osh qilib bergandi, — deydi xonanda Nigora.

Sitora Alimjonova

Foto: Instagram / @sitora_alimjanova
Ilk gonorarimni Farg‘ona san’at kollejining balet yo‘nalishida o‘qib yurgan kezlarimda olganman. O‘shanda guruhimizdagi barcha qizlarni davlat tadbirida raqs tushish uchun olib borishgandi. Keyin bizni olib borganlar gonorar haqi sifatida ikki ming so‘mdan pul berishgan. Pul miqdori unchalik ko‘p bo‘lmasa ham bizni rosa quvontirgandi, — deydi Sitora Alimjonova.

Shahzoda Muhammedova

Foto: Instagram / @shaxzoda__muxammedova
Ilk daromadimni 14 yoshda qo‘lga kiritganman. O‘shanda yon qo‘shnimizga chizgan eskizim yoqib, «Shu asosida ko‘ylak tikib berolasanmi?», degan. Qo‘rqmasdan ha deganman va ko‘ylakni tikkanman. Aniq esimda, ko‘ylak uchun 70 ming so‘m ish haqi olgandim, — deydi aktrisa Shahzoda Muhammedova.

Zilola G‘ulomova

Foto: Instagram / @zilola_gulyamova
Otam vafot etganidan keyin onam 4 ta bolani boqishga qiynalib qolgan. Buni bildirmaslika harakat qilsa-da. Uning qiynalayotganini bilardim. Shu bois, katta opam bilan ishlashga qaror qilganman. Men 7-sinf o‘quvchisiman. Opam esa maktabni tamomlagandi. Amakimni kafesiga ishga kirib, oshpazlarga qarashardik. Men xot-dog va muzqaymoq sotishga usta edim. Har kuni yarim kechasi pullar taqsimlanardi. Amakim hamma qatori bizga ham 3 ming so‘mdan pul berardi. 2002 yil uchun bu pulning qadri ancha baland edi. Opam bilan ilk daromadimizni olib borganimizda yig‘lab duo qilgandi. Men ustomon qiz bo‘lganim uchun choy-chaqa pullar ham tashlab ketishadi. Aniq esimda bir marta 11 ming so‘m ishlab topganman. O‘sha paytda mendan baxtli odam yo‘q edi, — deydi aktrisa Zilola G‘ulomova.

Shahlo Zoirova

Foto: Instagram / @shaxlozoirova_official
Ilk daromadimni 5-sinfda ishlab topganman. O‘shanda Sergelidagi avtokorxona haydovchilari uchun sovuq choy sotib pul qilganman. U paytlarda tayyor suvlar kam bo‘lgani uchun uyda tayyorlangan kompot va sovuq choylarga talab yuqori bo‘lgan. O‘shanda ishlab topgan pullarimga eng chiroyli o‘quv qurollarini sotib olgandim, — deydi Shahlo Zoirova.

Alisher Uzoqov

Foto: Instagram /@alisheruzakov_official
Ilk rolimni 1984 yil chaqaloqlik paytimda ijro etganman. Unga qancha gonorar berishganini eslay olmayman (kulib). Undan keyin «Ostona» serialida suratga tushganman. Gonorar berishgan, ammo ko‘p emas. Eng ko‘p va esda qolarli gonorarni «Zastava» serialida olganman. Olti oy davom etgan s’yomkaning har bir kuni uchun 200 AQSH dollaridan berishgan, — deydi aktyor Alisher Uzoqov.

Umid Iskandarov

Foto: Instagram / @umidiskandarov
Ilk gonorarimni «Qasd» filmidagi ishtirokim uchun olganman. Bu ilk rolim bo‘lgan bo‘lsa-da, ikki ming AQSH dollari gonorar to‘lashgan. Chunki men rol so‘rab bormaganman. Rejissyorning o‘zi san’at institutiga kelib, rolga mos yigit-qizlarni tanlab olgandi, — deydi aktyor Umid Iskandarov.

Muqaddas Sa’dullayeva

Foto: Instagram / @muqaddas_sadullaeva
Ilk gonorarimni 15—16 yoshlarimda qozog‘istonlik ijodkorlarining klipida suratga tushib, olgandim. O‘shanda bergan pullarining bir tiyiniga ham xiyonat qilmay, onamga olib borganman. Onam rosa xursand bo‘lgandi, — deydi aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Asal Shodiyeva, Yigitali Mamajonov va boshqa mashhurlarning ilk daromadi haqidagi xotiralari