date

Dilbar Ikromova: “Gavhar bo‘lsang, balchiqqa tushsang ham yaltirab turasan”

Dilbar Ikromova: “Gavhar bo‘lsang, balchiqqa tushsang ham yaltirab turasan”

Galdagi qahramonimiz haqida so‘z ketganida fransuz yozuvchisi Onore de Balzakning “Mayda rollar yo‘q, mayda aktyorlar bor”, degan fikri yodimga tushaveradi. O‘zbekiston xalq artsiti Dilbar Ikromova ortga nazar solib, hayot va ijod yo‘lini yodga oldi... Bu haqda "Darakchi" nashri yozmoqda.

“QIZINGNI SOG‘LIGI JOYIDA EMAS!”

— Ortga nazar tashlaganimda, baxtli bolaligimni xotirlayman. Otam Ilhombek O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom bo‘lgan. Onam Jamilaxon esa uy bekasi edi. Oilada sakkiz farzandmiz, ikki o‘g‘il, olti qizning uchinchisiman. Onam o‘zi o‘qiyolmagani uchun hamma bolalarini oliy ma’lumotli qilishni orzu qilgan va bu niyatiga erishgan. Bolaligimda sho‘x, to‘polonchi bo‘lmaganman. Boisi o‘zimni dunyoimda yashardim, haligacha shundayman va u “olam”ga hech kimni kiritmayman.

Yodimda, hovlimizda tandir bo‘lardi, pastki qismiga mato ilib, tagiga kirib bir o‘zim orzularga berilgancha xayolot olamida o‘tirardim. Dugonalarim bilan kamdan-kam ko‘chada birga o‘ynardim. Oilada ko‘pchilik bo‘lishimizga qaramay, eyish-ichish, kiyishdan qiynalgan emasmiz. Bayramlarda otam onamga “Sen bugun oshxonadan ozodsan. Farzandlarim bilan taom tayyorlaymiz”, derdi. Katta-katta baliqlarni did bilan qovurardi. Biz bolalar ham otamizga intilardik, doim ishda bo‘lgani uchun kam ko‘rardik-da.

Otamning she’r o‘qishi, rasm chizishiga, onamning esa dutor chalishiga mahliyo bo‘lib o‘tirardim. Onamning shu hislati menga o‘tmagan-da, deb o‘kinaman. Buvim hammamizni yig‘ib, ertak aytganida boshimni oyog‘imning orasidan chiqarib, uch buklanib o‘tirsam, “Jamila, shu qizingni xonadan olib chiq. Qizing g‘alati-ya, shifokorga ko‘rsatinglar”, deb jig‘ibiyron bo‘lardi. Egiluvchanligim yuqori bo‘lgani uchun har xil harakatlar qilishni yaxshi ko‘rardim.

Otam safarlardan hammamizga alohida o‘yinchoqlar olib kelardi. Opam, singllarimga qaraganda, men o‘zimning qo‘g‘irchoqlarimni avaylab-asrardim, hatto kiyimlarini ham kir qilmasdim. Bitta qutida gerbariy, ikkinchisida o‘yinchoqlar, uchinchisida “ketka”lar yig‘ardim. Va dugonalarim bilan bir-birimizga maqtanardik.

“TEATRDAN KET, DEYIShGAN...”

— 207-maktabda mehribon, talabchan ustozlardan tahsil olganman. O‘sha kezlari hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan Qudrat Xo‘jaev, Olim Xo‘jaev, Zamira Hidoyatova ishtirokidagi spektaklni ko‘rib qolganman. Balki san’atga bo‘lgan mehr, ishtiyoqqa shu sahna asarining sehri sabab bo‘lgandir.

O‘shanda bu qiziqishimni hech kimga aytolmaganman. Lekin opa-singillarim, dugonalarimni uyimizga yig‘ib, xonaga katta mato ilib, yig‘gan o‘yinchoqlarimdan tomosha qo‘yib berardim. Egiluvchanligim sabab, Chaykovskiyning “Oqqush ko‘li”ni ijro etib berardim. Opam “Egiluvchanligimng juda yuqori, sen balerina bo‘lishing kerak”, deb ijroimga tan bergancha, xo‘ng-xo‘ng yig‘lardi. Bolalikda raqsni berilib ijro etgan bo‘lsam kerak-da, lekin hozir o‘sha ishim men uchun kulgili.

San’atkor bo‘lish orzusi bilan 10 yillik maktabni tamomlaganman. Hatto 16 yoshimda baletmeyster, mohir raqqosa Mukarram Turg‘unboyevaga “Raqqosa bo‘lish niyatim bor, meni o‘qishga qabul qiling”, degan mazmunda yashirincha xat yozib, pochtaga tashlab kelganman.

Kunlarning birida uyimizga javob maktubi kelgan. Onam hayratlanib “Dilbar, senga xat kelibdi”, degan. Ochib o‘qisak, “Kelib suhbatdan o‘ting”, deb yozilgan.

Bir olam orzu va hayajon bilan Xoreografiya bilim yurtiga borganman. Ikkita rus ayol meni ko‘rib, “Qizim, kech qolibsan. Bu erdagi qizlar 16 yoshda professonal raqs ijro etishadi. Yaxshisi A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutiga hujjat topshir. U erda aktyorlikka o‘qiysan”, deyishgan. Ochig‘i, aktyorlikka qiziqishim bo‘lmasa-da, bir borib ko‘raychi, degan fikr tug‘ilgan. Onam esa “Seni u erga o‘qishga qabul qilishmaydi, kichkinagina, ko‘rimsiz qiz bo‘lsang. Aktyorlikka kelishgan yigit-qizlarni qabul qilishadi”, degan.

Bola bo‘lishimga qaramay, irodam kuchli edi. O‘zimga o‘zim hali hammaga mendan ham san’atkor chiqishini isbotlayman, degandim. Otamga onam ruxsat bermaganini aytganimda, “hech kimga indamay, hujjatlaringni topshirib kelaver”, deya meni ruhan qo‘llab-quvvatlagani yodimda.

Imtihonda hay’at-a’zolarining birinchi savoli: “Siz o‘zi maktabni tamomlaganmisiz? 5-6 sinf o‘quvchisiga o‘xshar ekansiz”, deb kulishgandi. Keyin “Qaysi asardan parcha o‘qib berasiz?” deyishganida “Boy ila xizmatchi”dagi Sifat buvini”, desam yana kulgi ko‘tarilgan. Mahorat bilan ijro etib berib, imtixondan muvaffaqiyatli o‘tgandim. “Imtihonga kelganlarning bari bosh qahramonlarni ijro etishga intilishadi. Sizning boshqa yo‘ldan borganingiz ma’qul keldi”, deya o‘qishga qabul qilishgan.

Lekin yordamchi guruhda edim, chunki chiroyli qizlar ko‘p edi-da. Shunda kurs rahbarimizdan “Yordamchi guruh nima degani o‘zi?” deb so‘raganimda “Hozircha shu guruhda o‘qiyver. Birinchi bosqichda o‘qishdan haydaladiganlar topiladi. Shunda seni o‘qishga qabul qilamiz. Sinovdan o‘tgansan, yaxshi aktrisa bo‘lasan”, degandi.

Kunlarning birida katta opam talabalik guvohnomamni so‘rab qolgan. Yo‘qligini aytsam, opam “Dada, qizingiz o‘qimayapti”, degan. Otam xavotir bilan rektorning oldiga borgan. Shunda u kishi “Qizingizni yangi yildan o‘qishga qabul qilamiz. Imtihonlarni a’lo darajada topishrgan”, degan. Uchinchi bosqichda o‘qib yurgan kezlarim hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida «Boy ila xizmatchi» spektakli sahnalashtirilayotgan ekan. Ustozim “Maston roliga mos aktrisa izlashyapti, borib To‘la Xo‘jaev degan odamga uchraysan”, degan. Teatrning qorovullari “Bir chekkada tura turing, kimdir chiqsa olib kiradi sizni ichkariga”, degan. Bolaligimga borib, ancha vaqt teatrning eshigi oldida turaverganman.

Shunda O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupovaning turmush o‘rtog‘i – truppa boshlig‘i Mirfayoz aka “Anchadan beri shu erda turibsan. Kimni oldiga kelding?” deya javobimni olgach, katta-katta san’atkorlar o‘tirgan xonaga olib kirgan. O‘sha vaqtdagi hayajonimni so‘z bilan ifodalab berolmayman, ularni ko‘rib lol bo‘lib qolganman. Shu tariqa Maston rolini ijro etganman.

To‘la Xo‘jaev doim meni negadir “o‘g‘lim”, derdi. U kishidan san’atning ko‘p sir-asrorlarini o‘rganganman. Nasibam qo‘shilgan ekan, 1968 yili yordamchi guruhga ishga qabul qilishgan. Mashhur rejissyor To‘la Xo‘jaev 1970 yilda meni ishga taklif qilgan, hozirgacha shu teatrda ijod qilib kelaman. Hayot bir maromda davom etmas ekan. Ko‘pchilik aktyorlar “Bu erda umringni o‘tkazma, ket”, deyishardi. Bu ruhiyatimga ta’sir qilib, o‘ksinganimdan o‘ychan bo‘lib qolgandim. Shunda onam “Ishdan ketmagin. Gavhar bo‘lsang, balchiqqa itarib yuborishsa ham yaltirab turasan”, deya o‘rinli maslahat bergan. Bu men uchun katta dalda edi.

Rolsiz qolgan kunlarim juda qattiq tushkunlikka tushib, “Ketsammikan?” degan ikkilanish ham paydo bo‘lgan. Uzoq vaqt ommaviy sahnalarda ishtirok etib yurganman-da. Bundan tashqari og‘ir kunlarni ham boshdan kechirganman, bu haqda gapirish tugul, eslashni ham istamayman...

Yodimda ustoz san’atkor Nabi Rahimov “Shu aktrisaga e’tibor qilinglar, juda iste’dodli”, deb men qo‘llardi doim. 35 yoshimda Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘aloni” asari film qilinganda Sotti rolini o‘ynaganimdan so‘ng tomoshabin meni aktrisa sifatida qabul qildi. Shunda o‘zimga nisbatan ishonch paydo bo‘lgan va teatrdan ketish fikrimdan qaytganman. Lekin biror marta bosh qahramonlar rolini ijro etmaganimdan sira afsuslanmayman. Chunki bunga intilmaganman ham, xarakterli rollarga qiziqqanman-da.

Teatrda momo, ona rollarini ijro etardim, 80 yillardan boshlab kinoda ham kampir roliga chaqira boshlashdi. Ko‘chada ko‘rgan muxlislar “Voy, yosh ekansiz-ku”, deyishadi. Yoshlik vaqtimda qariyalarni rolini ijro etib to‘g‘ri qilgan ekanman. Yo‘qsa, qarigan chog‘imda “yosh ekansiz!” degan e’tirofni eshitolmasdim-da (kuladi).

Aktrisa sifatida qiyinchiliklarga uchrab, keyin yorug‘ kunlarga erishgan ayol qismatini ijro etgim keladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, bu istak o‘z kechinmalarim bilan bog‘liq emas. Chunki shaxsiy hayotim va ishni bir-biriga sira aralashtirmayman.

Ayol taqdiri bilan bog‘liq ko‘nglimga o‘tirgan asarlardan biri bu rejissyor va aktyor Turg‘un Azizovning “O‘zbekcha raqs” spektakli. Anchadan buyon rolsiz yurgan kunlarimning birida Turg‘un aka “Shu pesani o‘qib ko‘rgin”, deb qoldi. Ochig‘i, asardagi ayol Qumri chevarning qismati ta’sir qilib yig‘lagandim. Bu rol aktrisaning bor imkoniyatini ochib berishiga ishonganman.

Aktrisalar Turg‘un akaga “Bu Dilbar Ikromovaning roli emas!” deb aynitishga urinishardi. Shunda o‘zimga o‘zim “Mayli, aynitaveringlar, ortimdan xanjar sanchsanglar ham roziman. Lekin o‘ttizinchi bo‘lsam-da, shu rolni ijro etaman”, deb oldimga maqsad qo‘ygandim. Hatto taqdimotda tomoshabinlar guldasta berayotganida ham o‘zimni tiyolmay ho‘ng-ho‘ng ko‘zyosh to‘kkandim.

“ISTE’DOD”LAR ORASIDA KO‘RINMAY QOLYaPMAN”

— Tomoshabin ishonuvchan. Komediyadagi rollarimni ko‘rib, “Dilbar Ikromova hayotda ham shunday xushchaqchaq bo‘lsa kerak”, deb o‘ylasharkan. Men bilan suhbatda bo‘lganlar “Juda jiddiy, kamgap ekansiz-a? Atay shunday yurasizmi?” deyishadi (kuladi). Kursdoshlarim ham “Dilbar hayotda va sahnada boshqa-boshqasan-a?” deyishadi. Demak, menda ikkita odam yashasa kerak-da.

Kasbimni sevganimdan bo‘lsa kerak, komediyalarim ham o‘zgacha chiqadi. U xoh kino, xoh klip bo‘lsin, rol didimga o‘tirmasa ijro etmayman. Bordi-yu yoqsa, qo‘limdan kelgan imkoniyatlarni ishga solib, rolimni ijro etib beraman.

Har bir aktyor ko‘ngildagidek asarda iste’dodli rejissyor bilan ishlashni orzu qilib yashaydi. Ayni damda menda ham shu istak ustuvor. Ochig‘i, bugungi dramaturgiya meni qoniqtirmaydi. Lekin har bir dramaturg yozgan asarini durdona asar deb biladi. Gohida yo‘qdan bor qilib o‘ynab berasan, lekin baribir aktyor aybdorga chiqadi. “Quyoshni sen uyg‘otasan” asarini rejissyor Valijon Umarov ko‘z o‘ngimdan yo‘qdan bor qilib bergan va maza qilib rol ijro etgandim.

Ba’zi xususiy filmlarimizdan ham ko‘nglim to‘lmaydi. Ochig‘i, taksiga o‘tirishdan bezorman, chunki doim bir xil savolni eshitaman. So‘nggi vaqtlarda haydovchilar “Bir savol bersam maylimi?” deyishsa, “Siz savol bermang, men javobini aytaman”, deyman. “Nega ko‘rinmaysiz?” degan savollar ham bo‘ladi, “Iste’dod”lar ko‘payib ketganda, ular orasida ko‘rinmay qolyapman”, deb qo‘yaman (kuladi).

Xususiy filmda rol ijro etmagan odam qolmadi, nazarimda. Filmlarni ko‘rib, xuddi serial ko‘rayotganga o‘xshayman. Bu ham bir o‘tish davri. Yosh bola ham bir-ikki qoqiladi va shu tariqa yurishni o‘rganadi. Xususiy filmlarimiz ham shu jaaryonni boshdan kechiryapti. Rollar masalasiga kelsak, buvi, amma, xola, qo‘shni rollaridan ortmay qoldik. Rosti, so‘nggi vaqtda filmlardan takliflar bo‘lmayapti. Zulfiqor Musoqav, Hilol Nasimov, Sobir Nazarmuhamedovning filmlaridan rol ijro etish orzusidaman.

“ONAM DOIM DALDA BERARDI”

— Shaxsiy hayotim haqida gapirishga odatlanmaganman. Bu borada ayta oladiganim — o‘g‘lim Murodjon. Asosan onamning tarbiyasini olgan. Lekin ishim tugadi, deguncha uyga yugurardim. Sira hamkasblarim bilan gaplashib o‘tirmas yo ushlanib qolmasdim. Eshikdan kirishim hamon o‘g‘lim men bilan yig‘lab ko‘rishardi. Hozir ham gastrollarga ketsam, qo‘ng‘iroq qilib “Qachon kelasiz?” deyaveradi. Oilang bor, bo‘ldi endi, deb kulaman. Lekin e’tiboridan boshim ko‘kka etadi.

Onam shaxsiy hayotim va ishimdagi qiyin kunlarimda ham “Men borman-ku!” deb doim dalda bo‘lardi. Onang hayot bo‘lsa, bag‘ring butun bo‘ladi. Gohida yaqinim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva “O‘zingiz kampirsiz-ku, yana “Onam”, deb yig‘lab o‘tirasiz-a?” desa beixtiyor kulib yuboraman.

Onam doim “O‘zbekiston xalq artisti” unvonini olganingni ko‘rsam, armonim yo‘q edi. Keyin o‘lsam ham mayli edi”, derdi. Aytganidek, unvon olganimdan bir oy o‘tib 84 yoshda vafot etdi. Otam esa 74 yoshida olamdan o‘tgan. Yorug‘ kunlarga chiqqanimni deyarli ko‘risholmadi, deb o‘kinaman. Hasanjon ukam kutilmaganda 40 yoshida vafot etgan, eslasam vujudim yonib ketaman. Bular mening armonlarim...

O‘g‘lim “San’atkor bo‘lsammikan?” deb ikkilanganida ko‘zing etadigan ishni qilgin, deb maslahat berganman. Va Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘qidi. Kelinim Zohiraxon bilan ham o‘qishda tanishib, bir-birlariga ko‘ngli qo‘yishgan. Aslida Murodjonga “Tog‘ora ko‘tarib eshikma-eshik yurmayman. Kelinni o‘zing top!” degandim. Shukr, sakkiz yildan buyon ahil, baxtli yashab kelishyapti.

Kelinimga har tomonlama yordam berishga harakat qilaman. Zohiraxon ish bilan band bo‘lsa, nabiralarim Muslimaxon, Imonaxon bilan o‘ynab, dars qilib o‘tiramiz. Gohida bilmay xafa qilib qo‘ysam kerak, deb o‘ylayman. Istagim - o‘g‘lim bilan kelinim baxtli bo‘lishsin!

BILASIZMI?
• 1947 yilning 17 iyulida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug‘ilgan.
• 1996 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan.
• U 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.
• 2015 yil O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligi munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Dilbar Ikromova: “Gavhar bo‘lsang, balchiqqa tushsang ham yaltirab turasan”