date
views 632

Mashhurlik va og‘riq: Aysanemxon qalbidagi haqiqatlar

Mashhurlik va og‘riq: Aysanemxon qalbidagi haqiqatlar
Aktrisa Aysanemxon Yusupova “Ayol qalbi” ko‘rsatuvida san’atga kirib kelish sabablari, onasining orzusi, mashhurlik ortidagi mas’uliyat, va hayotdagi sinovlar haqida so‘zlab berdi.

San’atga bo‘lgan muhabbat Aysanemxon uchun oilaviy orzularning davomidir. U motivatsiyani hamon onasidan olishini aytadi.

"Aslida onam san’atkor bo‘lishni orzu qilgan, ammo oilada bitta qiz bo‘lgani sababli ruxsat berishmagan. Kichkinaligimdan agar san’at yo‘nalishini tanlasang, men bundan xursand bo‘laman derdi. Faqat sen eng zo‘ri bo‘lishing kerak, o‘rtamiyona san’atkor bo‘lish juda qiyin deb aytgan onam", deydi aktrisa.

Uning aytishicha, onasi hamisha barcha premeralariga keladi va ta’sirlanib yig‘lab o‘tiradi. Ba’zida tanqid ham qiladi va hali ko‘p o‘rganishi kerakligini doim ta’kidlaydi.

San’atga ilk qadamdan mashhurlikkacha

Aysanemxon maktabni a’lo baholarga bitirgan va yuridik kollejga kirishga qaror qilgan. "Agar kirolmaganimda madaniyat yo‘nalishiga topshirmoqchi bo‘lganman. Lekin o‘qishga kirganman. Kollejda birinchi kursda o‘qib yurgan paytimda san’atga ilk bor qadam qo‘yganman. Vokaldan 4 yil dars olganman kollejda o‘qigan vaqtlarimda", deydi u.

Birinchi taklif rejissyor Hilol Nasimovdan bo‘lgan. Hayot filmiga kasting o‘tkazayotganda meni yo‘lakda ko‘rib qolganlar. So‘ng qayerda va qaysi yo‘nalishda o‘qishimni so‘rab, kastingga taklif qilgan. Bu 2017 yil edi.

Mashhurlikka tez erishgan aktrisa bu holatni katta mas’uliyat deb biladi.

"Bu menga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Ishimga yanada jiddiyroq qarashimga to‘g‘ri keladi. Yoshlar menga ergashishini o‘ylab, noto‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatib qo‘ymay deb harakat qilaman", ta’kidladi aktrisa.

Qiyin syomkalar va ichki kurash

Aktrisa ko‘plab davlat filmlarida rol o‘ynagan, biroq aksariyat hollarda unga murakkab obrazlar to‘g‘ri keladi.

"Har gal qiyin syomkalarga to‘g‘ri kelib qolaman. Chunki menga yuklatilgan rol oson bo‘lmaydi. Balki men qiyinchiliklarga ochiq bo‘lganim uchun ham shunday syomkalar duch kelar", deydi aktrisa.

Uning uchun eng qiyin loyihalardan biri “O‘zbek qizi” filmi bo‘lganini aytdi.

"Juda qiynalganman. So‘nggi suratga tushish jarayonlarida hatto stressga ham tushganman. Suratga olish juda uzoq davom etdi. Oilam bilan boshqa davlatda 2 oy yashadik. Ko‘p jarohatlar olganman. Lekin bu orzumdagi rollardan biri edi".

Aysanemxon intervyuda hayot unga katta dars berganini, odamlarga ishonchi yo‘qolganini ta’kidladi.

"Muallimdan ko‘ra hayot juda zo‘r dars berib qo‘yarkan. Aynan shu jarayondaman. Siz ishongan odamlar har doim ham siz o‘ylagandek bo‘lib chiqmas ekan. Sizni kichik sirlaringizni biladigan yaqinlaringiz sizga zo‘r dars berib ketarkan. Keyin sergak, ehtiyotkor bo‘lib qolarkansiz. Shu sababli odamlarga bo‘lgan ishonchim sustroq", deydi u.

Aktrisaning shaxsiy hayotga munosabati ham keskin. "Men kechirmayman va kechib ketaman. Bir marta xiyonat qilgan inson, yana xiyonat qiladi", deydi aktrisa.

Aysanemxon har qanday filmda rol o‘ynashga rozi bo‘lavermaydi. U uchun bir qancha jihatlar juda muhim.

"Albatta partnyorlarim kimligini so‘rayman. Agar o‘zim tanigan, bilgan insonlar bo‘lsa, rozi bo‘laman. Partnyor masalasi — bu siz uchun 50 foiz mehnat degani. Eng maza qilib ishlaydigan partnyorlarim bu Shohruh Hamdamov va Fotih Nasimov".

Aysanem va Shohruh Hamdamovning partnyorlik rollaridagi ijrolaridan so‘ng, muxlislar ularni bir-biriga juda mos ekani haqida juda ko‘p izohlar yozishdi. Intervyuda aktrisa bu mavzuga ham to‘xtaldi.

“Shohruh bilan ancha yillardan beri do‘stmiz. Film va kliplarda ko‘p rol ijro qilganimiz uchun muxlislar bizni yaxshi qabul qilishgan.”

San’atkor bo‘lish — doimiy e’tibor va g‘iybatlarga sabab bo‘lishi aniq. Aysanemxon bu holatga ham xotirjam qaraydi.

"Men tanqid, g‘iybatlar kim tomonidan aytilyapti — shunga qarayman. Meni boshqa shuncha ishlarim bor, nega meni yomon ko‘radigan insonlar uchun vaqt sarflashim kerak? Axir meni yaxshi ko‘radigan yaqinlarim, muxlislarim ko‘p-ku, deydi Aysanem.
Shu kasbni tanlab, turmushga chiqmaganimdan afsuslanaman. Lekin men hali yana ijod qilishim kerak, yuqori cho‘qqilarga chiqishim kerak. Agar bo‘lajak turmush o‘rtog‘im “Ishingni yig‘ishtir” desa, o‘zimga savol berar edim: shuncha mehnatim, ota-onamning meni o‘qitgani — shu inson uchun arziydimi? Agar haqiqatda arziydigan inson bo‘lsa, ishimni yig‘ishtirardim", deydi aktrisa.

Aysanemxonni bolalik paytlarida juda ko‘p ajratishgan. Intervyuda aktrisa bolalik xotiralari haqida shunday eslaydi.

"Maktabda ham, bog‘chada ham, hatto dugonalarim ham meni ajratardi. Ammo sababini bilmayman. Bunga ko‘nikkanman. Eng yaqin do‘stim — onam va singlim", deydi u.

Aysanemxon yonida suyana oladigan, qalqon bo‘la oladigan, uni qo‘llab-quvvatlaydigan va orzulariga erishishida ko‘maklashadigan insonni orzu qilayotganini aytadi. Shuningdek, kelajakda akademiya ochishni rejalashtirayotganini ham bildirib o‘tgan.

"Men har doim yoshimga nisbatan ancha ulg‘ayganman. Ozmi-ko‘pmi qiyinchiliklarni bosib o‘tdim. Nohaq tuhmatlar bo‘lgach, odam o‘ylab qolarkan. Atrofga qarasangiz tengdoshlaringiz o‘ynab kulib yuradi. Meni bolaligim ham qiyinroq o‘tgan. Yaqinlarimning qiyinchiliklari ham bunga sabab bo‘lgan. Qalbim aqlimga nisbatan ojiz. Ko‘pincha ko‘nglimga tayanib ish qilganimda yutqazaman deb o‘ylayman. Agar aqlim bilan ish qilganimda unaqa bo‘lmasdi deyman. Aslida inson 70 foiz aqlga, 30 foiz qalbga tayanishi kerak", deydi u.

Suhbat yakunida esa ko‘nglini ochib, so‘nggi paytlarda ko‘p yig‘layotganini tan olgan. U aslida yig‘loqi emas, lekin hozirgi holati uni tez-tez ko‘z yosh to‘kishga olib kelayotganini ta’kidlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Mashhurlik va og‘riq: Aysanemxon qalbidagi haqiqatlar