Bir qator xususiy filmlar orqali tanilgan Shahzoda Muhammedova Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga xonanda Vohidjon Isoqov bilan O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi talabasi bo‘lish maqsadida u erga borishgani va professor Dilorom Omonullaeva bilan bo‘lgan mojaro haqida o‘z “haqiqat”larini yozib joylagandi. Shahzoda bir nechta saytlarga O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Dilorom Omonullaevadan farqli o‘laroq haqoratomuz intervyu ham bergan. Bir necha kundan keyin esa Shahzoda Instagram`dagi “haqiqat”larini o‘chirib tashladi. Qiziq, qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqardimikan, yo?! Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida har ikki taraf bilan bog‘landik...
— Dilorom opa, o‘qishga kirish istagi bo‘lsa, nega Shahzoda va Vohidjon qabul komissiyasiga uchramay, to‘g‘ri sizning oldingizga kirgan?
— Avval rektorning oldiga kiribdi, so‘ng mening xonamga yo‘l olgan. “Qabul komissiyasidagilarga aytib qo‘ying”, deb kirdi. U erdagilar ham xuddi men aytgan quyidagi gaplarni ta’kidlashardi. U qiz va yonidagi yigit O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining talabasi bo‘lishni istar ekan. Lekin mutaxassislik bo‘yicha oltita asar ijro etish kerak, kuylay olarmikan? O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining nizomiga ko‘ra o‘n bir yillik musiqiy bilimga ega bo‘lganlargina o‘qishga qabul qilinadi. Boisi o‘quv dasturi murakkab, musiqiy savodi bo‘lmaganlar o‘qiy olmaydi. Yonimga kelgan qizning esa musiqiy bilimi yo‘q, boshqa oliy o‘quv yurtini tamomlagan, aytishi bo‘yicha, mashhur aktrisa ekan. “Sizni ikkinchi mutaxassislikka qabul qilolmaymiz. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshira qoling, u erda musiqa nazariyasini boshidan o‘rgatishadi”, deya yotig‘i bilan tushuntirdim. Lekin oyoq tirab turib oldi. “Bo‘lmasa, bizda ikki yillik pulli tayyorlov kurslari bor, sentyabrdan imtihonlar boshlanadi”, dedim. Ovozi zo‘r bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchieva va Sevara Nazarxon ham avval shu tayyorlov kursida o‘qigan. Shahzodaning ovozini eshitib ko‘rish maqsadida muallifligimdagi “Yomg‘ir yog‘di” qo‘shig‘ini xonanda Kumush Razzoqova kuylagan “parda”da chalib berdim. Kuyladi, ovozi juda “kichkina”... Yonidagi sherigi Vohidjon “shuncha musiqiy bilimi yo‘qlar o‘qiyapti-ku”, dedi. Bilganlarimdan Sardor Rahimxon va Kaniza o‘qishga kirgan. Sardor u vaqtda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist" unvoniga ega edi. Kaniza esa “Nihol” mukofoti sovrindori sifatida o‘qishga imtiyozli qabul qilingan. Unga qadar ikki yil pedagoglardan dars olib, o‘z ustida ishlagan va namunali talaba sifatida o‘qishni ham ko‘ngildagidek tamomlagan. Shahzoda bilan Vohidjon esa ikkinchi kursga qabul qilishimni so‘rab turib olishdi. Eshigim oldida talabalar qator turgandi, xonamda pedagoglar ham bor edi, imtihon olayotgandim. Ikkalasiga “sizlarga maslahat berdim, endi xonadan chiqinglar”, desam ham chiqishmadi. So‘ng Shahzoda baqir-chaqirni boshladi. “Kim bo‘libsiz yoshlarni oyog‘iga bolta uradigan. Ko‘rasiz, hali O‘zbekiston xalq artisti bo‘laman, siz bilan o‘shanda gaplashaman”, deya jazavaga tushdi. Ochig‘i, yosh qiz bilan "sen-men"ga borib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmadim, xonamga kirib ketdim. Lekin asabimni buzdi.
— Balki chindan qo‘pol muomala qilgandirsiz?
— Qo‘pol inson bo‘lganimda ularni qabul qilib, konsultasiya bermagan bo‘lardim. Hatto o‘sha vaqtda xonada bo‘lgan guvohim — kafedramiz katta o‘qituvchisi Mavluda O‘rinboyeva ham yaxshi gap bilan tushuntirdi, kor qilmadi. Tarbiyasizligi bilan hammaga ovoza bo‘lgani qoldi. Saytlarga bergan intervyulari, instagram ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga yozganlarini o‘qidim. Shu darajada tuhmat va haqorat qilganki, yoqa ushladim. “Manqurt, razil”, deb yozgan, bu so‘zlarning asl ma’nosini bilarmikan? “Kurs ishlarini katta pul evaziga yopib berar ekan”, degan. Birinchidan, meni fanimda kurs ishi yo‘q, chunki amaliy, yakka fan! Imtihonni kafedradagi o‘nta vokal-pedagogi katta zalda, talabalar ishtirokida qabul qiladi. Shahzodani sudga berishim ham mumkin! Bilasizmi, bir necha kundan beri saytlarda u qiz noto‘g‘ri ish qilgani haqida ustoz san’atkorlar fikr bildirishyapti, muxlislarning haqoratlariga qanday dosh berayotgan ekan?! Shahzoda xalq va san’at vakillarining “sud”iga uchrab, o‘z "oyog‘iga o‘zi bolta urib bo‘ldi". Bundan buyon kim uni hurmat bilan tilga olarkin, obro‘ini to‘kib bo‘ldi-ku! Ochig‘i, unga achindim, hali yosh, nima deyayotganini o‘zi anglamaydi, shekilli.
Kim unga oliy ta’limga kelib, o‘z so‘zini o‘tkazish uchun huquq berdi, tushunmayapman?! Istagan kishi O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi talabasiga aylanaversa, Glier nomidagi musiqa maktabi, Uspenskiy nomidagi Respublika maxsus musiqiy akademik liseyi nega ishlayapti? Yaqinda kollej talabalari aro yosh ijrochilar ko‘rik tanlovi bo‘ldi. Juda go‘zal ovozlar, yuqori darajadagi asarlar yangradi. Musiqiy ta’lim murakkablashgan, talabalarim jaz kuylashni boshlashgan. O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida bu yil uchinchi bor jaz festivali o‘tkazildi. Unda 11 davlatdan kelgan iste’dodlar ishtirok etdi. Zalda o‘tirgan talabalarimiz hech qanday tayyorgarliksiz chet eldan kelgan ishtirokchilar bilan kuylab, barchani lol qoldirishdi. Ko‘ryapsizmi, estrada san’ati qay darajada rivojlangan. Xalqaro tanlovlarda nufuzli o‘rinlarni egallab, O‘zbekistonning dovrug‘ini yoyib, yuzimizni yorug‘ qilayotganlarning ko‘pchiligi bizning talabalarimiz. Aksariyat talabalarimiz pedagog bo‘lib ishlashyapti. Masalan, "Golos"da g‘olib bo‘lgan Sabina Mustaeva esa evara shogirdim (kuladi), ular bilan faxrlanamiz. Shunday iste’dodli shogirdlarimiz erkalik qilsa ko‘taraman, lekin Shahzodadek hatto musiqiy bilimi ham yo‘qlarnikini emas! Bastakorlar uyushmasida bo‘lgandim, rahbarimiz O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Rustam Abdullaev “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktoriga qo‘ng‘iroq qilib, “Aktrisangizni tartibga chaqirib qo‘ying”, deganidan xabar topdim. “O‘zbekkonsert” bilan ham bog‘langan ekan, to‘yda boshlovchilik qilish uchun hatto lisenziyasi ham yo‘qligi ma’lum bo‘libdi. Bilasizmi, juda ko‘p yoshlarni tarbiyalaganman. Yashirmayman, talabalar norozi bo‘lib, tortishib qoladigan vaqtlarimiz ham bo‘ladi. Lekin vaqtida xatosini anglab uzr so‘rashadi, kechiraman, bu holat ularning o‘qishi yo bahosiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Ayniqsa, iqtidorlilarning har qanday injiqligini ko‘taraman, boisi ular tabiatan nozik bo‘lishadi. O‘smir yoshlar shulardan o‘rnak oladi-ku. Yosh avlodga biz san’atkorlar professionallik, madaniyat borasida o‘rnak bo‘lishimiz kerak! Prezidentimiz har bir sohaga e’tibor qaratyaptilar, mavjud kamchiliklarga barham berilyapti. O‘ylaymanki, shou-biznesdagi xonandalarning bilimi, qaysi sohada ta’lim olgani, ma’naviy qiyofasi qandayligi, qo‘shiqlaridagi tarbiyaviylik qay darajada ekani tekshirilib, zarur choralar ko‘riladi. Zero, farzandlarimizni yuksak asarlar bilan tarbiyalashimiz kerak. San’atni shou-biznes — pulga aylantirib yuborishdi. “Mablag‘ bilan istagan narsa qila olaman”, deb o‘ylashyapti. Lekin san’atni shou-biznes bilan adashtirish kerak emas.
— Madaniyat vakili sifatida omma e’tiborini o‘ziga qaratib, so‘ng instagramdagi "haqiqat"larini o‘chirib tashlaganini ko‘rgandirsiz?
— Hammasini vaqt joy-joyiga qo‘yadi. Bu mojaro men uchun ham katta dars bo‘ldi. Endi bundaylar bilan gaplashib ham o‘tirmayman. “O‘zbeknavo”danman”, deb kirib kelishganiga qabul qilgandim, bilsam, yolg‘on gapirishgan ekan. Ochig‘i, vaqtimni behuda sarflashni istamayman. Ayni kunlarda shoir Azim Suyun bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining madhiyasini yozish bilan bandman.
— Professionallar televidenieni havaskorlar, shou-bizneschilarga bo‘shatib bermadimikan?
— Avvallari televidenie va radioda badiiy kengash bo‘lardi. Uning a’zolari eng mashhur shoir va bastakorlar edi. Badiiy kengashdan Shahzodaga o‘xshagan birorta iste’dodsizlar o‘tmasdi. Chunki qo‘shiq she’ri, musiqasi ko‘rib chiqilardi, so‘ng orkestr ijrosidagi jonli musiqa bilan xonandaning ovozi, ijro mahorati eshitilardi. Afsuski, bugungi kunda shunday badiiy kengash etishmayapti. Natijada televidenie va radioda istagan odam chiqib, “qo‘shig‘i”ni “aylantiryapti”. Kuylayotganini she’r, deb bo‘lmaydi, bachkanalikdan boshqa narsa emas. Hatto ko‘pchilik katta-katta xonandalarning qo‘shig‘i musiqasi turk, eron, arab musiqalaridan o‘g‘irlangan. Ularning qo‘shiqlari mualliflik huquqlari muhofazasi bo‘yicha tekshirilsa, yuzimiz erga qarab qoladi. Nahot bu ularni tashvishga solmasa?! Kompyuterda ovozini to‘g‘irlab, “xonandaman”, deb yurishibdi-da. Shuning uchun ham “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi “Mardi maydon” jonli ijro festivaliga jiddiy yondashib, professional jonli ijroni ta’minlayapti. Shuningdek, “Mening yurtim” telekanalidagi “Sover version” va “Zo‘r TV” telekanalidagi "The cover up" ko‘rsatuvlaridan quvondim. Unda o‘ziga ishongan san’atkorlargina ishtirok etyapti. Yoshlarga keng imkoniyatlar berildi, biroq noto‘g‘ri kasb tanlab, umrini behuda sarflayotganlar talaygina. Qo‘pol qilib aytganda, san’at karvonsaroyga aylanib qoldi. O‘n yildan keyin birortasining qo‘shig‘ini eslasharmikan? Botir Zokirov singari ustoz san’atkorlarning ijodini olaylik, yillar o‘tgani sari ularning qadri oshib boryapti. Xususan, muallifligimdagi “Yomg‘ir yog‘di”, “Siz menga yoqqansiz hamisha”, “Men seni oylarga bermayman” qo‘shiqlarini hozirgi xonandalar ham kuylashyapti. Dog‘istonlik Anora ismli qiz ham “Yomg‘ir yog‘di”ni maromiga etkazib kuyladi. Shuning uchun ham undan mualliflik huquqini talab qilmadim. Shu qo‘shiqni bir to‘yda “Ko‘k choy” guruhi buzib aytayotganiga guvoh bo‘ldim va “qaytib mening qo‘shiqlarimni kuylamanglar!” deb tanbeh berdim. Bugun ijod qilayotganlar orasida tan oladiganlarim: Sevara Nazarxon, Jahongir Otajonov, O‘lmas Olloberganov, Gulsanam Mamazoitova, Manzura, Alisher Fayz, Ziyoda Qobilova, Dilnoza Ismiyaminova, Hulkar Abdullaeva, Lola Ahmedova, Madina Mumtoz, Gulasal Abdullaeva, Ulug‘bek Xoliqov, Shahzoda, Lola, “Sharq” guruhi, Umidaxon, Farhod va Shirin. Munisa Rizaeva va Rayhonni tanqid qilgandim. Hozir ularda ancha professional o‘sish bor. Ko‘pchilik yoshlar esa “mashhur bo‘lsam, pul ishlasam”, degan maqsadda yurishibdi. San’at fidoyilik, katta mehnat talab qiladi, kerak bo‘lsa, umrni bag‘ishlash lozim. Shou-biznesni san’at darajasiga tenglashtirish uchun yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish va san’atkorlardagi tashqi va ichki madaniyatni tarbiyalash lozim. San’atkor tarbiyachi bo‘lishi kerak, tarbiyasiz emas!
O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Ravshan NIGMATOV bilan bog‘landik.
— Rektor bilan vaziyatni o‘rgandik va xulosa qilib, qabul vaqtida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rildi. Dilorom Omonullaeva avvalo shaxs va juda talabchan, haqiqatgo‘y pedagog, etuk mutaxassis. Shu bois har bir abiturient, talaba uning fikri bilan hisoblashishi kerak. Qolaversa, talabaga aylanadiganlarning musiqiy bilimi ta’lim tizimiga javob berishi lozim. Chunki biz yurtimizning rivoji uchun talabga javob beradigan kadr tayyorlashga mas’ulmiz.
"Nohaq bo‘lsam, ming bor uzr!"
Shahzoda Muhammedova bilan bog‘langanimizda avvaliga javob berishdan bosh tortdi. So‘ng birgina savolga javob berishga rozi bo‘ldi.
— “Kurs ishlarini katta pul evaziga yopib berar ekan”, deya tuhmat qilib, “ruhan kasal, razil”, deya Dilorom Omonullaevani Azroilga taqqoslab, hatto ishdan bo‘shatishlarini ham talab qildingiz. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida tuhmat uchun eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha, 41-moddasida haqorat qilganlik uchun eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solinishidan xabaringiz bormi?
— Siz advokat emassiz-ku, nima keragi bor qonuniy taraflama yozishni? Bu yil muhtaram prezidentimiz tomonidan “xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilingan. Yoshlar — abiturientlarni ham o‘z haq-huquqlari bor. Bu ayolning ham talabalarga do‘q urishga, eshigidan haydashga, tuhmat intervyu berishga, yig‘latishga haqqi yo‘q. Xalq bilan muloqotni chiroyli qilish kerak. har holda madaniyat, tarbiya ulashuvchi inson. Ustoz, deb mehr va hayajon bilan maslahat olish uchun u ayolning oldiga kirayotgan yoshlarni oyog‘osti qilishga haqqi bormi yoki professor, degani baqirib, xor qilish, turtkilash kerakmi? Shirin gap bilan tushuntirsa, tushunardik. Ko‘p yoshlar bu ayolning oldidan "tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib", dili og‘rib ketyapti. Shu adolatdanmi? Hattoki bir yili nogiron yigit imtihon topshirganida, “seni ko‘zing g‘ilay-ku, qanday artist bo‘lmoqchisan?” deb uni yig‘latib chiqarib yuborganini eshitganman. Millionlab talabalar o‘z yurtidagi oliy o‘quv yurtlarga o‘qishga kirolmay, chet ellarga ketib, o‘sha erda qolib ketishyapti. Bechora yoshlar chet elda o‘qisinmi? yurtimizda katta shart-sharoitlar yaratilgan. Har bir yosh o‘zi istagan kasbni egallashga haqli. kelajak biz yoshlarniki. Yoshlarning ko‘ksidan itarish, mensimay murojaat qilish emas, balki dalda berish kerak. Chunki biz yoshlar hali har sohada yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘taramiz. Qanchadan-qancha yoshlar bu ayolni deb aziyat chekmoqda. Bu ayolning yoshini inobatga olgan holda yozgan gaplarim uchun uzr so‘rayman, agar nohaq bo‘lsam, ming bor uzr!
"QO‘POLLIK QILIShGA HECh KIMNING HAQQI YO‘Q"
Odil Abduqahhorov, “O‘zbekkonsert” konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalash bo‘limi boshlig‘i:
— Mojaro haqida instagram ijtimoiy tarmog‘i va saytlarda o‘qidik va masalaga aniqlik kiritish maqsadida Shahzoda Muhammedova va Vohidjon Isoqovni chaqirtirdik. Balki Shahzodada ham asos bordirki, fikrini bildirgan. Lekin boshqa bir odamga nisbatan shaxsiyatga tegib, qo‘pol gaplarni ishlatishga hech kimning haqqi yo‘q. Shu yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borganimizdan keyin Shahzoda ogohlantirildi. Yutubda videomurojaat orqali Dilorom Omonullaevadan uzr so‘radi.
P/S: O‘zbek madaniyati, adabiyotining asoschilaridan biri Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deb bejiz aytmagan.Oliy ma’lumotga ega bo‘lishdan tashqari hech bo‘lmasa o‘rtacha fikrlash va jillaqursa boshlang‘ich tarbiyaga ega bo‘lish kerak. Mazkur mojaro va uning yakuni barchaga birdek dars bo‘lsa, ajabmas!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi