Toyota ikkita dvigatelli va 700 ot kuchiga ega Camry modelini taqdim etdi

Toyota Gazoo Racing boʻlinmasi Yaponiyadagi Super Taikyu marafonida gʻayritabiiy eksperimental Camry sedanini namoyish etdi. Avtomobil bir vaqtning oʻzida ikkita benzinli dvigatel, toʻliq uzatma tizimi va jami 700 ot kuchiga yaqin quvvat bilan jihozlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kapot ostida GR Yaris va GR Corolla modellaridan olingan 300 ot kuchiga ega 1,6 litrli, uch silindrli G16E-GTS turbomotor joylashgan boʻlib, u old gʻildiraklarni harakatga keltiradi. Ikkinchi dvigatel esa salonning orqa qismiga, olib tashlangan oʻrindiqlar oʻrniga oʻrnatilgan. Bu taxminan 400 ot kuchi ishlab chiqaradigan yangi 2,0 litrli, toʻrt silindrli G20E turbomotoridir. U orqa oʻq uchun javob beradi.
Shunday qilib, ushbu Camry jami yetti silindr va ikkita motorga ega boʻldi. Loyiha Toyota kompaniyasining yangi texnologiyalari va kuch qurilmalarini sinovdan oʻtkazish platformasi sifatida yaratilgan. Shu bilan birga, kompaniya yaponcha bosozoku uslubida tayyorlangan yana bir Camry konseptini ham koʻrsatdi.
Bosozoku talqinidagi avtomobil faqat orqa uzatmali boʻlib, unga ham 400 ot kuchiga ega G20E motori oʻrnatilgan. Ushbu versiya kengaytirilgan gʻildirak arkalari, agressiv aerodinamik obves va sunʼiy moʻyna hamda billur uzatmalar qutisi dastasiga ega radikal interyer bilan ajralib turadi.
Toyota vakillarining taʼkidlashicha, har ikkala mashina ham namoyish loyihalari boʻlib, seriyali ishlab chiqarishga moʻljallanmagan. Biroq, yangi G20E dvigateli kelajakdagi Toyota Celica va MR2 kabi sport modellarining vorislari uchun asosiy kuch qurilmasi boʻlishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…