— Ako, sadaqa qileng. Manga sadaqa qilsangez baxtingiz ochilade, ako, — egniga allambalo kiyim kiyib olgan o‘n yetti yoshlardagi qiz “Neksiya”ga suyanib sigareta chekib turgan Boburga qo‘lini cho‘zdi.
Yigitning ensasi qotdi. Lo‘li qizga boshdan-oyoq razm solib:
— Senlarni urug‘ing buncha ko‘p! Har qadamda ikki-uchtang tilanib turasan-a. Jonga tegib ketdinglar-ku! Hozirgina birovingga sadaqa beruvdim. Nima balo, kelishib olganmisilar? — dedi.
— Ako, jahlingiz chiqsa burningizni tishlang, o‘tib ketade, — dedi qiz bo‘sh kelmay. — Sizga urug‘ biznikidan kammas. Kattakon boy bo‘psiz. Man sizga baxt, deb aytobman…
— Qoch, yo‘qol, baxtim chiqib turibdi o‘zi! — deya lo‘li qizni haydadi Bobur.
Lo‘li qiz parvo ham qilmay battar tirg‘aldi:
— Ako, baxtingiz ketsa, bebaxt bo‘p qolasiz, oxiyr.
Bobur asabiylashib cho‘ntagini kavladi. Aksiga olganday, mayda puli yo‘q ekan, qo‘liga nuqul mingtaliklar ilindi.
— Meni qo‘ya tur, o‘zingni baxting yo‘q ekan. Mayda pulim qolmabdi, — dedi endi Bobur iljayib.
— Baxtimning borligi shu-da, kattasidan beravering, ako.
— «Ako» demay har balo bo‘lgur. Buncha lo‘lilik qilasan? Bilasanmi, ming so‘m ishlab topishimga qancha vaqt ketadi?
— Man lo‘li-da, ako. Siz bir minutda topasiz, “Neksiya” minib yuribsiz-ku.
— Uf-f, nega ariday yopishib olding! Bor, ishingni qil! Og‘rigan boshimni battar og‘ritma.
— Manga davosi bor-da bosh og‘rig‘ini.
— Sen tezroq yo‘qolsang, boshimning og‘rig‘i qolardi.
— Siz sotvoganmisiz bu yerni?
Bobur chidab turolmadi. Bitta mingtalikni cho‘ntagidan oldi-da, lo‘li qizning basharasiga otdi:
— Endi yo‘qol, qorangni ko‘rmay! — dedi tutoqib.
Lo‘li qiz bir zum haykaldek qotdi, rangi oqardi, keyin ko‘zlarida o‘t chaqnab Boburga tik qaragancha:
— Pulingiz boshingizda qolsin, ako! — dedi-yu, yerda yotgan pulni olib yigitning basharasiga qaytarib otdi va shart burilib tez-tez yurib ketdi.
Bobur nimadir demoqchi bo‘ldi, biroq tili aylanmadi. “Ja, ori balandga o‘xshaydi, — xayolidan o‘tdi uning, — bunaqasini hali uchratmagandim”.
* * *
Lo‘li qizning ko‘zidan tinimsiz yosh oqar, o‘pkasini bosolmasdi. Aslida diydasi qotib, so‘kishu kamsitishlarga o‘rganib ketgan bo‘lsa-da, hozir yigitning qattiq jerkiganiga chidolmadi. Qarg‘asa bo‘lardi, og‘ziga kelganini qaytarmay sharmandasini chiqarishi mumkin edi, yo‘q, lo‘li qiz bunday qilolmadi. Xo‘rligi kelib, tili og‘zida g‘o‘laday qotdi. Endi izza bo‘lganidan o‘ksib-o‘ksib yig‘lab kelayapti.
Bir to‘p lo‘lilar bozor darvozasining yonida chug‘urlashib, o‘tgan-ketganga qo‘l cho‘zishib yaltoqlanishardi. Bo‘zlab kelayotgan sheriklarini ko‘rib, ularning ko‘zlari olayib ketdi. Baravariga yugurishib, qizga peshvoz chiqishdi. Ularni ko‘rib qiz o‘pkasini bosolmay o‘kirib yubordi.
— Qaysi mochag‘ar sani yig‘latdi?! — shang‘illadi o‘zining shevasida yuzi qozonning kuyasiday qoraqo‘ng‘ir, keng yelkali qorindor xotin. U mana shu katta bozorning lo‘lilariga bosh, hammaga otning qashqasiday tanish edi. Lo‘lining na erkagi, na ayoli uning buyrug‘isiz bir ish qilmasdi. Hammasi undan o‘lguday qo‘rqishardi. Vajohatidan it hurkar, tilidan ham, qo‘lidan ham ancha-muncha ish kelardi. Shundanmi, hurmati ham baland edi. Bu atrofdagi lo‘li borki, uning homiyligiga muhtojlik sezar, mayda-chuyda janjallarga u ko‘ndalang — barini osongina, silliqqina hal qilardi. Shu boisdan ham u, kimsan, «Xosiyat bibi» edi.
Yig‘layotgan lo‘li qiz — Lola indamadi, nozik barmoqlari bilan lo‘lilardan tamoman farq qiladigan oppoq yuzini berkitib, hiqillashda davom etdi.
— Ho‘ngrama! — baqirdi Xosiyat bibi, — kim ko‘zingdan suvingni oqizdi?
Lola qo‘li bilan orqa tomonga ishora qildi, lekin kimligini aytmadi. Xosiyat bibi birovga haqini berib qo‘yadigan landovurlarni yoqtirmas, ayab ham o‘tirmas, og‘ziga kelganini aytib-solib, yer bilan bitta qilar, atrofida odam bor-yo‘qligiga qaramay, sochini bittalab yulib, yuzini qonga belardi. Lola hali bu ko‘yga tushmagan, mayda xatoliklari uchun uni ozgina koyigandi, xolos. Mana endi u ham tumshug‘idan ilinib turibdi. Notanish yigitning haqoratlab xo‘rlagani bir bo‘ldi-yu, Xosiyat bibining qahr-g‘azabiga uchragani bir bo‘ldi: lo‘liboshi xotin uni tegirmon toshidan o‘tkazmay qo‘ymas, har qalay.
— “Neksiya”siga suyanib sigaret chekobdi tashqarida, — dedi Lola imkon qadar ovozini dadilroq chiqarishga urinib.
Biroq Lola o‘ylaganchalik bo‘lmadi. “Neksiya”ning egasi o‘g‘il bola ekanini anglaboq Xosiyat bibining tepa sochi tikka bo‘ldi, yengini shimardi, qoshlari chimirilib tutashgancha barmoqday yo‘g‘on chiziq hosil qildi. U shiddat bilan bozordan chiqib, mashinalar qatori tomon jadal yurib ketdi. Ortidan besh chog‘li shotiri ergashdi. Ularning vajohatida dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilgulik shasht bor edi. Askarlarday tizilib borayotgan lo‘lilarga hamma hayron bo‘lib qarar, o‘zlarini chetga olib yo‘l bo‘shatishardi. Qaqqayib turganlarni Xosiyat bibi turtib o‘tib ketar, qarg‘ishu so‘kishlarga parvo qilmasdi.
“Mehribon”laridan ortda qolmay, deb ildamlayotgan Lolaning yuragi taka-puka, u muqarrar janjalni istamas, ochig‘i, notanish yigitga ichi achir, uning sharmanda bo‘lishini xohlamasdi.
(Asarning davomini yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi