Yangiyo‘lda erkak homilador turmush o‘rtog‘ini pichoqladi

Yangiyo‘lda erkak homilador turmush o‘rtog‘ini pichoqladi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida turmush o‘rtog‘i tomonidan pichoqlangan ikki oylik homilador ayol shifoxonaga yotqizildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea joriy yilning 30 may kuni soat 17:00 atrofida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchining aytishicha, u 5 aprel kuni turmush qurgan bo‘lib, hozirda bir yarim oylik egizak homilasini ko‘tarib yurgan.

Ayolning ta’kidlashicha, turmush o‘rtog‘i avval ham unga bir necha bor pichoq bilan tahdid qilgan. Shuningdek, qaynonasi bilan kelishgan holda uni shifokorga olib borib, homilani oldirishga uringan. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, voqea kuni er-xotin o‘rtasida suhbat bo‘lgan va u bolani oldirmasligini hamda ajrashish niyati borligini bildirgan. Shundan so‘ng, atrofda bir necha kishi bo‘lishiga qaramasdan, erkak unga ketma-ket bir necha marta pichoq urgan va voqea joyidan qochib ketgan.

Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasi shifokorining ma’lum qilishicha, bemor qorin oldi devori, ko‘krak qafasi va chap yelka sohalarida ko‘plab sanchilgan-kesilgan jarohatlar hamda ko‘p qon yo‘qotish holati bilan olib kelingan. Unga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Shifokorlar homilani saqlab qolish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini, hozircha bolalarning holati yaxshi ekanini ma’lum qildi.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi voqea sodir bo‘lgan kunning o‘zida ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Qayd etilishicha, tergov yakunlari va sud qaroriga muvofiq aybdor shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

Yangiyo‘lda erkak homilador turmush o‘rtog‘ini pichoqladi – Zamin.uz, 06.06.2026