Ramazon oldidan bozorlarda arzon oziq-ovqat yarmarkalari yo‘lga qo‘yiladi

Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanar ekan, ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ushlab turish masalasi yana birinchi o‘ringa chiqdi. Shu bois Shavkat Mirziyoyev dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriq berdi.
Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar ham holat qanchalik sezgir ekanini ko‘rsatdi: yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizga yetgan. Shu o‘sishning salmoqli qismi oziq-ovqat hisobiga to‘g‘ri keladi — 45 foiz, ayniqsa, 13 foizi go‘sht narxlari bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Ya’ni, “sumka og‘irlashishi”ning asosiy sababi aynan dasturxon mahsulotlari.
Go‘shtda importga qaramlikni pasaytirish uchun esa oddiy, lekin hal qiluvchi nuqta bor: ozuqa bazasi. Shu ma’noda Muborak tumanida 5 ming gektar yerni foydalanishga kiritib, makkajo‘xori ekish boshlangani boshqalarga namuna sifatida keltirildi. Endi bu ishni kengaytirib, qo‘shimcha 60 ming gektarda tashkil qilish vazifasi qo‘yildi — natijada 350 ming bosh chorva uchun kafolatlangan ozuqa manbai paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Chorvachilikda yana bir yo‘nalish — mayda shoxli qoramol naslini yaxshilash. Shu maqsadda o‘tgan yili Mo‘g‘ulistondan 100 ming qo‘y va echki olib kelingan, bu yil ham ish davom ettirilishi aytildi.
Kartoshka masalasi ham ochiq aytildi: o‘tgan yil 772 ming tonna kartoshka import qilingan. Endi esa 2026 yilda mutasaddilar va hokimlar 4,5 million tonna hosil olish maqsadini bajarishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Qisqasi, kartoshka “planka”si endi ancha baland — ammo bu import bosimini tushirish uchun zarur qadam.
Narxlarni “qo‘lda” ushlab turish emas, oldindan hisoblab, rejali boshqarish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markaziga yangi vazifalar yuklandi: ichki-tashqi xatarlarni oldindan aniqlash, har hafta tuman-shahar bozorlarini tahlil qilish, talabning bir oy, uch oy, bir yildan keyin qanday o‘zgarishini prognoz qilish. Har chorakda ombor va mavjud quvvatlardan kelib chiqib, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi shakllantiriladi.
Eng muhimi — Ramazonni qarshilash arafasida O‘zbekistonda bozordagi holat “har kim o‘zicha” emas, tizimli nazorat va taklif bilan muvozanatda ushlanishi kerak. Agar yarmarkalar haqiqatan ham arzon narxda ishlasa, bu oddiy odam uchun ham yengillik: ro‘za paytida narxlar emas, niyatlar og‘irroq bo‘lsin.