date

Mirziyoyev va To‘qayev AI xakaton jarayonini ko‘zdan kechirdi (foto)

Mirziyoyev va To‘qayev AI xakaton jarayonini ko‘zdan kechirdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Buxoro shahridagi universal sport majmuasida tashkil etilgan “National AI Hackathon” — sunʼiy intellekt yo‘nalishidagi umummilliy xakaton jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ushbu yirik tadbir Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida mamlakatda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar doirasida tashkil etildi. Loyiha O‘zbekistonning raqamli kelajagini shakllantirishda muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

Yetakchilarga raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil taqdimot qilindi. Jumladan, “Raqamli hukumat” tizimi, shuningdek transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi zamonaviy raqamli yechimlar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, ushbu sohalarda raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini sezilarli oshirib, aholi uchun xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ham namoyish etildi. Prezidentlar “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” kabi istiqbolli loyihalar faoliyati bilan tanishib, ularning mualliflari bilan muloqot qilishdi.

Bundan tashqari, “UZUM”, “TBC Bank”, “Aloqabank”, “HUMO”, “UZCARD” kabi milliy va xalqaro akseleratorlar faoliyati haqida ham maʼlumotlar taqdim etildi.

Tadbir davomida venchur moliyalashtirish infratuzilmasini yana-da kengaytirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish muhim ekani alohida qayd etildi.

Bank tizimidagi raqamli transformatsiya, ayniqsa zamonaviy to‘lov texnologiyalari va onlayn xizmatlarning rivoji ham diqqat markazida bo‘ldi.

Prezidentlarga xakaton konsepsiyasi, shuningdek turli sohalardagi dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan yoshlar loyihalari taqdim etildi.

Ochiq muloqot davomida ishtirokchilarning yuqori qiziqishi, ijodiy yondashuvi va sunʼiy intellekt texnologiyalarini amalda qo‘llashga bo‘lgan intilishi yuksak baholandi.

Tashrif yakunida ikki davlat rahbarlari xakaton ishtirokchilari va startap jamoalari vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev va To‘qayev AI xakaton jarayonini ko‘zdan kechirdi (foto)