Amudaryo quriyaptimi? Vazirlik tarqalgan xabarlarga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo qurib borayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirib, daryoda suv oqimi saqlanib qolayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 9 oktyabr kuni Amudaryoning O‘zbekiston hududiga kirib keladigan qismidagi Termiz gidropostida suv sathi 239 santimetrni tashkil etgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 27 santimetr yuqori.
Shu bilan birga, Kerki gidropostida suv sarfi sekundiga 499 kub metrni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekundiga 63 kub metrga kam.
Amudaryo havzasining yuqori qismida, Tojikiston hududidagi Vaxsh daryosida joylashgan Nurek suv omboriga sekundiga 408 kub metr suv kelib tushmoqda. Undan esa sekundiga 320 kub metr suv chiqarilmoqda. Suv omboridagi jami suv hajmi 10 milliard 540 million kub metrga teng.
Vazirlik ta’kidlashicha, sentyabr–oktyabr oylarida daryolarda suv sathi va sarfining pasayishi mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi. Vegetatsiya mavsumi yakunlanishi sababli suv omborlarida keyingi mavsum ehtiyojlari uchun suv zaxiralari to‘planmoqda.
Rasmiy idora keltirgan ko‘rsatkichlar Amudaryoda suv oqimi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Biroq Kerki gidropostida suv sarfining o‘tgan yilga nisbatan kamaygani ham qayd etilgan.






























Izohlar 0
…