Toshkent shahrining Sergeli tumanida sun’iy ko‘l va dam olish maskani qurilmoqda

Toshkent shahrining Sergeli tumanida sun’iy ko‘l va dam olish maskani qurilmoqda

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasida sun’iy ko‘l, bolalar maydonchalari va dam olish ayvonlarini o‘z ichiga olgan yangi maskan barpo etilmoqda. Loyihani 2026 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, dam olish hududining umumiy maydoni 5 gektarni tashkil etadi. Shundan 17 ming kvadrat metr qismi sun’iy suv havzasi uchun ajratilgan. Ko‘l atrofida barbekyu zonalari tashkil etilib, hududga quyosh panellari ham o‘rnatiladi. Suv sifatini saqlash maqsadida filtrlash va ozonlash tizimlari joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan geologik tadqiqotlar hududning qurilish uchun yaroqli ekanini tasdiqlagan. Hozirga qadar loyihadagi asosiy ishlarning 30 foizdan ortig‘i bajarilgan. Ayni paytda quruvchilar konstruksiyalarni armaturalash va mustahkamlash, shuningdek, tayanch devorini qurish ishlarini olib bormoqda.

Rejaga ko‘ra, noyabrgacha qariyb 800 metr uzunlikdagi devorni qurib bitkazish hamda sun’iy ko‘l uchun qazilgan chuqurlikdan tuproqni to‘liq olib chiqish mo‘ljallangan.

Yangi dam olish maskani hududdagi chang miqdorini kamaytirish va mikroiqlimni yaxshilashga ham xizmat qilishi kutilmoqda. Loyiha Toshkentning barcha tumanlarida sun’iy ko‘llar tashkil etish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qurilish yakunlangach, Qumariq mahallasi aholisi va shaharning boshqa fuqarolari uchun hordiq chiqarish, bolalar bilan vaqt o‘tkazish hamda ochiq havoda dam olish imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar