Foto: UFA
Qisqa muddatda bo‘lib o‘tgan ikki uchrashuv juda qizg‘in musobahalarga sabab bo‘lmoqda va bu tabiiy. Bugungi vaziyatni tahlil qilishda istalgan tomondan kirish mumkin va har qanday xulosa uchun asoslar topish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Keling, bu safar Srechko Katanes so‘nggi yillarda milliy jamoamizga olib kirgan 3-4-3 (yoki 5-2-3) sxemasi xususiyatlari va bu bizda qay darajada samarali bo‘layotgani haqida fikr yuritib ko‘ramiz.
3-4-3 «himoyaviy» sxemami?
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, sxema shunchaki, futbolchilar joylashuvini ko‘zda tutadi xolos, ya’ni mustaqil ravishda jamoaning himoyaviy, hujumkor, to‘p nazorati yoki qarshi hujumga asoslangan ekanidan ma’lumot bermaydi. Markaziy himoyachilar soni bittaga ko‘p ekani bizni chalg‘itmasligi kerak, bu yerda jamoaning to‘p bilan va to‘psiz qanday harakat qilishi, qanotdagilarning pozitsion hujumlarga qay darajada jalb qilingani muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy futbolda, masalan, Xabi Alonsoning «Bayer»i uch markaziy himoyachi bilan o‘ynasa-da, himoyaviy deyishga til bormaydi, zero Grimaldo va Frimpong aynan oldingi chiziqdagi harakatlari bilan tanilgan bo‘lib, mavsum davomida oddiy vingerlardan ko‘proq gol+pas ochkolarini yig‘ishini guvohi bo‘lganmiz. Aytmoqchimanki, 5-2-3 himoyaviy, agar bu 4-3-3 ga aylansa, hujumkor deb xulosa chiqarmaslik kerak.
Bizning holatimizda 3-4-3 ko‘proq 5-2-3 ni anglatishi boshlang‘ich joylashuvda emas, qanotlarda asosan himoyachilar to‘p surishi va ayniqsa, kuchli jamoalar bilan o‘yinlardagi pozitsion hujumlar tashkil etishda faol emasliklaridir. Aynan shu sababli, ko‘pincha, oldingi chiziqda son jihatdan kamchilikka ega bo‘lmoqdamiz va barchasi orqadagi ortiqcha himoyachida deb tushunib qolinmoqda. Qatar bilan bo‘lgani kabi, 4-3-3 ga o‘tganimizda faollashishimiz ham shundan – endi himoyachilardan kimdir ortiqcha faol bo‘lishi shart emas, son jihatdan bir futbolchi qo‘shildi. Aslida esa, Katanes ko‘zda tutgan sxemada ham o‘sha ustunlikni ta’minlash mumkin.
Endi haqli savol tug‘iladi – 5-2-3 da pozitsion hujumlardagi kamchilik ushbu sxemaning xususiyatlari futbolchilarda ishlamasligi tufaylimi yoki Katanes bu sxemada aynan ehtiyotkorlikni nazarda tutadi xolosmi?
Masharipov va Fayzullayev vingermi?
Avvalgi maqolalarda gaplashgandik, uch markaziy himoyachili sxema turlicha qo‘llanilishi mumkin. 3-4-3 vingerlar bilan, 3-4-3 hujumkor yarimhimoyachilar bilan, 3-4-1-2 ikki hujumchi va hokazo. Tan olish kerak, Abbos ham, Jaloliddin ham qanotdan tezkor hujum qiladigan, aytaylik, O‘runov, Hamdamov yoki Rashidov kabi futbolchilar emas. Har ikkisi ham sheriklari bilan kombinatsiya qilishi mumkin, kichik zonalarda to‘pni saqlash, to‘xtab turgan holda dribling qilish, uzoqdan zarba berish, o‘tkir pas uzatish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, markazda Shukurov va Hamrobekov ekanini inobatga olsak, bizga qanotlardan ko‘ra, aynan markazga o‘tib harakatlanish juda muhim hisoblanadi.
Boshlang‘ich joylashuv yuqoridagi rasmdagi kabi bo‘lishi Fayzullayev va Masharipov tanlanganidan kelib chiqqanda, eng samarali bo‘lishi mumkin deb hisoblayman. Tarkibda bu sxemada ham hujumkor bo‘la olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Nasrullayev va Alijonov butun qanot uchun javob berishi, Masharipov va Fayzullayev esa markazdagilar bilan to‘rtlik xosil qilishi mumkin. Sherzodning tezkorlik bilan maydon oxirigacha ochila olishi, Alijonovning esa har ikki oyoqda pas bera olishi va kerak bo‘lganda markazni to‘ldira olishi turli manevrlar uchun yaxshigina yo‘l ochadi. Eng muhimi, ham to‘p bilan ham to‘psiz yetarli darajada zich markazga ega bo‘lamizki, pastroqda buning ham ahamiyatini ko‘rib chiqamiz.
Nega doim kamchilikmiz?
Endi nega o‘tgan o‘yinlarda bu sxema ishlamagani haqida fikr yuritamiz. Pozitsion hujumda, ya’ni futbolchilar o‘z boshlang‘ich pozitsiyada ekanida odatda, qay shaklda biz hujumlarni tashkil qildik?
Jamoada ko‘zga tashlanayotgan jihat: Masharipov va Fayzullayevning qanotlarga ortiqcha bog‘lanib qolayotganidir. Bu ko‘p bor aytilayotgan Katanetsning ehtiyotkorligi natijasida Nasrullayev va Alijonovning to‘pdan oldinga o‘tmayotgani bo‘lishi mumkin. Tabiiy ravishda oldingi chizikda qanotlarni to‘ldirish lozim bo‘lib qoladi va bu yana hujumkor futbolchilarimizning zimmasiga tushadi. Qachonki Masharipov to‘pni qanotda egallagachgina Nasrullayev oldingi o‘tadi – bu aslida 4 himoyachili sxemaning talablaridandir. Aslida Sherzod avvalroq, to‘p markaziy himoyachilar yoki tayanch zonasida hujum boshlanayotganda deyarli Shomurodov bilan bir chiziqqa o‘tib raqib himoyasini cho‘zishi, Masharipov esa, markazga tushib, o‘zini taklif qilishi lozim.
Yuqoridagi rasmlar aynan boshlang‘ich pozitsiyalardan, ya’ni raqib hali faol pressingga kirishmasdan avval olingan. O‘yin davomida futbolchilar turli nuqtalarda o‘zini taklif qilishi, joy almashinuvi yaxshi, bu terma jamoamizda ham kuzatiladi, lekin boshlang‘ich pozitsiyalar ahamiyati katta. Bu baza. Aynan shu pozitsiyalar sxemaning barqaror ishlashi uchun kerak – futbolchilar shu yo‘nalishda ko‘nikma xosil qiladilar, turli bog‘lamlar xosil bo‘ladi, hamda harakatlar avtomatizm darajasiga ko‘tariladi. Har doim sherigining nima qilmoqchi ekani, kimni yopish lozimligi haqida savollar futbolchini bezovta qilavermaydi.
Quyidagi rasmda aksariyat hujumlarimiz nega to‘xtatilayotgani va nega markazdan xavfli qarshi hujumlar o‘tkazib yuborayotganimiz sababiga to‘xtaldim:
Shartli ravishda, Masharipov to‘pni egallagach, Nasrullayev qanotda uni quvvatlaydi, ammo markazda ko‘pincha variant topish mushkul. Natijada Shukurov yoki Hamrobekov zonani to‘ldirishga majbur bo‘ladi. To‘p yo‘qotilganda, har ikki qanotda 4 futbolchi, Shukurov va Shomurodovni qo‘shsa, olti futbolchi nofaolga aylangan – markazimizda esa, katta bo‘shliqlar yuzaga kelyapti. Katanes buni yechish maqsadida yo Nasrullayevga kamroq oldinga chiqish yoki tayanch futbolchilarimizning o‘z o‘rnida qolishlarini talab qiladi. Bu esa yana hujumda bizni mutlaq kamchilikka aylantirib qo‘yadi. Gollar yoki vaziyatlar esa avtomatik harakatlar emas, ayrim futbolchilarning nostandart qarorlari evaziga sodir bo‘laveradi. Bunga tayanish xavfli – toki vaziyatlar avtomatik harakatlar yordamida sodir bo‘lmas ekan, biz futbolchilarning ruhiyatiga va kayfiyatiga bog‘lanib qolamiz. Shuning uchun gol zarur bo‘lganda, risk qilish talabi paydo bo‘lganda jamoa ancha faol, boshqa paytda esa aksincha, turli variantlar bo‘lmaganidan eng sodda yechimlarni tanlashni boshlaydi. O‘yinimizdagi o‘tkirlik yo‘qoladi.
Sxema qanday ishlashi kerak?
Uch markaziy himoyachi bilan o‘ynaganda qanot futbolchilarining harakatlari eng kalit nuqta ekanini yuqorida ham aytdik. Albatta, doimiy faollik ko‘proq kuch talab qiladi, ammo bizda Nasrullayevni Sayfiyev almashtirishi mumkin. O‘ngda Turg‘unboyev va Alijonov bor. Agar O‘zbekiston pozitsion hujumlarda literallardan faol foydalanganda, ikkinchi taymdagi asosiy almashtirishlar aynan shu pozitsiyalarda ro‘y bergan bo‘lardi.
Bunday joylashuv orqali, ham Masharipov va Fayzullayev o‘zining ustun zonalarida harakatlanishi, markaz yetarlicha to‘ldirilishi orqali to‘p nazorati osonlashishi mumkin. Eng muhimi, to‘p yo‘qotilgan paytda ham, kontrpressing uchun birinchidan, ko‘proq futbolchiga egamiz, ikkinchidan, raqib qarshi hujumga o‘tganda ham, markazda zichlik hosil qilganmiz. To‘g‘ri, avvalgidan farqli ravishda qanotdagilar ancha yuqorida qolib ketishi mumkin, ammo aynan markazdagi bo‘shliqlar futbolda eng xavfli hisoblanadi.
Eng yaxshi pozitsiya
Yana bir ko‘p aytilgan e’tirozlardan biri Fayzullayevning o‘z pozitsiyasida qo‘llanilmayotgani va uning Rossiya chempionatidagi kabi sermahsul bo‘la olmayotgani edi. Abbos oxirgi ikki o‘yinda 3 gol urgach, bu mavzu biroz chekindi, ammo tan olish kerak, go‘yoki ko‘p futbolchilardan o‘z o‘rnida foydalana olmayotganimiz, ularning ustunliklari yetarlicha yuzaga chiqmayotgani ko‘zga tashlanadi.
Aslida gap faqat futbolchining boshlang‘ich pozitsiyasi qayerda ekanida emas. Futbolchi klubda o‘zini ko‘rsatayotgan sevimli nuqtasiga terma jamoasida ham qo‘yilishi, ammo u qadar samarali bo‘la olmasligi mumkin. Bu yerda sheriklarning harakatlari, yana o‘sha avtomatizm katta rol o‘ynaydi.
Jaloliddin Masharipov misolida ko‘rib chiqamiz. U dribling qila oladi, markazga o‘tib zarba berishi yoki hujumchiga o‘tkir pas berishi mumkin. Bu xususiyatlarimiz uning boshqa futbolchilardan farqi yo‘q, maydonda shunchaki, Masharipovning nomi yugurib yuradi xolos. Uning amalga oshirayotgan ishlarini boshqa futbolchi ham aynan shu darajada qila oladi va bu holatda biz Jaloldan deyarli foydalana olmayotgan bo‘lamiz.
Yuqoridagi rasmda O‘zbekistonning aksariyat o‘yinlarida ko‘zimizga tashlanadigan vaziyat tasvirlangan. Odatda Masharipov qanotda to‘pni egallaydi va uning qarshisida raqibning uch himoyachisi turibdi. Futbolchi ming zo‘r driblingga ega bo‘lmasin, sheriklarining qo‘llovisiz buni amalga oshira olmaydi. Chunki raqibni aldab o‘tish uchun unda turli variantlar bo‘lishi va o‘sha variantlardan biri bilan manevr qilish orqali dribling sodir bo‘ladi. Biz ko‘rgan juda ko‘p vaziyatlarda Jalol to‘pni orqaroqda turgan Nasrullayevga yoki Shukurovga oshirishga majbur bo‘ladi. Yoki jarima maydonidagi yagona hujumchimiz tomon kross amalga oshiriladi. Nasrullayev qachonki, Masharipov to‘p bilan markazga yurib, bir necha futbolchi qarshisida qolgandagina reydini amalga oshiradi – bu holatda himoyachilar har ikki futbolchini nazorat qila oladi va ikkinchidan, Jalol endi ko‘p futbolchilar qarshisida Sherzodga kerakli pasni ijro qila olmasligi mumkin.
Nasrullayev ancha oldinroq harakatlanib, himoyachilardan birini o‘ziga tortishi lozim. Shunda Masharipov raqibning bir himoyachisi bilan birga bir qoladi. Jalolga bir himoyachi qarshisida markazga yurib, zarba berishi yoki Shomurodovga pas berishi qiyinchilik tug‘dirmaydi. Himoya chizig‘ining gorizontal cho‘zilishi hisobiga ham orasida bo‘shliqlar kattalashadi, ham Shukurovda kengroq zonaga ochilish va kombinatsiyani davom ettirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xulosa
Umuman futbol maydoni ulkan shaxmat doskasi bo‘lib, figuralarni surish orqali to‘pni ochiq va xavfli xududlarga yetkazilishi eng muhim vazifa hisoblanadi. Har qanday sxema mana shu ustunlikni ko‘zda tutadi va agar maydonda jamoa yetarlicha pozitsion hujum qila olmayotgan bo‘lsa yoki o‘yin nazoratini raqibga topshirayotgan bo‘lsa, sxema ishlamayapti, demakdir.
Muammoga ikki xil sabab bo‘lishi mumkin. Birinchisi, futbolchilar ushbu joylashuv ostida paydo bo‘ladigan talablar uchun yetarlicha malakali bo‘lmasligi. Bunga ishonish qiyin, zero Katanes aynan ushbu tarkib va ijrochilardan kelib chiqib ikki yil oldin mana shu sxemani tanlagan. Agar rost bo‘lsa ham, murabbiy kerakli tuzatishlarni amalga oshirishi talab etiladi.
Ikkinchisi, ma’lum bosim va vazifa ostida murabbiy himoya va natijani saqlash maqsadida tizimning to‘liq ishlashini istamasligidir. Bu balkim mashg‘ulotlarda ko‘rinib, oz sonli yig‘inlarda yetarlicha avtomatizm shakllanmagach, murabbiy eng ehtiyotkor o‘yinni tanlashi mumkin. Lekin ko‘rib turganimizdek, bu ham yetarlicha xavfsiz bo‘lmayapti.
Qahramon Aslanov
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Tramp ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirish uchun harbiy kuch ishlatishga tayyorligini tasdiqladi
«Titanik» qahramoniga sovg‘a qilingan soat 1,5 mln funt sterlingga sotildi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi