ASML monopoliyasiga yakunmi? Xitoy litografiyasiz chip ishlab chiqarishni boshladi

ASML monopoliyasiga yakunmi? Xitoy litografiyasiz chip ishlab chiqarishni boshladi

Xitoyning Prinano startapi fotonli mikrosxemalar ishlab chiqarish sohasida muhim yutuqqa erishganini e’lon qildi. Kompaniya Shenzhen Litra Technology bilan hamkorlikda, bugungi kunda yarimoʻtkazgichlar sanoatining asosi hisoblangan an’anaviy litografiya uskunalarisiz 8 dyuymli kremniy plastinalarda optik chiplar chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Loyiha doirasida DUV-litografiya (chuqur ultrabinafsha) texnologiyasidan butunlay voz kechilgan. Bu juda muhim, chunki bunday tizimlarni ishlab chiqaruvchi Niderlandiyaning ASML kompaniyasi sanksiyalar tufayli Xitoyga uskunalar yetkazib berishni cheklab qoʻygan edi. Prinano buning oʻrniga oʻzining vakuumli nanoimprinting texnologiyasini qoʻlladi.

An’anaviy jarayonda sxemalar murakkab optika va yorugʻlik manbalari yordamida kremniy plastinaga proyeksiyalansa, yangi usulda nanostrukturalar maxsus shablon yordamida plastina yuzasiga xuddi bosmaxona shtampi kabi toʻgʻridan-toʻgʻri tushiriladi. Kompaniya ta’kidlashicha, bu yondashuv ishlab chiqarish xarajatlarini DUV-jarayonlariga nisbatan taxminan oʻn baravarga qisqartiradi.

Ta’kidlash joizki, ushbu texnologiya hozircha smartfon protsessorlari yoki NVIDIA kabi sun’iy intellekt tezlatkichlari uchun moʻljallanmagan. Prinano fotonli chiplarga — elektr signallari oʻrniga yorugʻlik bilan ishlaydigan ixtisoslashgan mikrosxemalarga e’tibor qaratmoqda. Bunday komponentlar optik tolali aloqa, ma’lumotlar markazlari va lidar tizimlarida keng qoʻllaniladi.

8 dyuymli plastinalardan foydalanish loyiha laboratoriya tajribalaridan chiqib, sanoat darajasiga koʻtarilganini anglatadi. Biroq, toʻliq tijoriy muvaffaqiyat haqida gapirishga hali erta, chunki Prinano hozircha mahsulotning yaroqlilik darajasi va aniq buyurtmachilar haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar