Lamine Yamal nima uchun Oltin toʻpni yuta olmagani u uchun foydali boʻlganini aytdi

Barselona va Ispaniya terma jamoasining yosh yulduzi Lamine Yamal faoliyatidagi eng nufuzli shaxsiy sovrin haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Oʻsmir futbolchi oʻtgan safar Oltin toʻpni qoʻlga kiritishiga ishongani, biroq yakunda magʻlub boʻlgani uning oʻsishi uchun muhim turtki boʻlganini tan oldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Barselona vingeri oʻzining YouTube kanalidagi videoda oʻsha paytdagi his-tuygʻularini ochiq bayon qildi. “Rostini aytsam, oʻsha kuni gʻalaba qozonaman deb oʻylagandim. Ammo Ousmane Dembele gʻolib boʻlgani men uchun yaxshi boʻldi deb hisoblayman. Bu menga rivojlanishim uchun imkon berdi. Balki, u payt hali mening vaqtim kelmagandir”, — deya taʼkidladi 18 yoshli futbolchi.
Yamal Ispaniya terma jamoasi safidagi bosim va Yevro 2024 musobaqasidagi gʻalaba haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, xalqaro turnirlarda qatnashish boshida hayajonli boʻlgan, biroq vaqt oʻtishi bilan u xotirjamlikni saqlashni oʻrgangan. “Men shunchaki bola edim, turnir boshida hayajon boʻlishi tabiiy. Lekin oʻyinlar va turnirlar uzoq davom etadi, asosiysi uni qanday yakunlashdir”, — deydi hujumchi.
Shuningdek, Lamine Yamal oʻzining kumiri haqida gapirar ekan, Spotify Camp Nou stadionida oʻz davrining afsonasiga aylangan braziliyalik yulduzni tilga oldi. “Neymar oʻyinlarini tomosha qilishdan hamisha zavqlanaman, chunki u mening kumirim”, — deya qoʻshimcha qildi Yamal. Hozirda u nafaqat Neymar, balki Angliya Premer-ligasi va boshqa top-chempionatlardagi iqtidorlarni ham kuzatib borishini maʼlum qildi.





























Izohlar 0
…