FIFA Lassana Diarra bilan kelishuvga erishdi: Transfer tizimi oʻzgarishi mumkin

FIFA Lassana Diarra bilan kelishuvga erishdi: Transfer tizimi oʻzgarishi mumkin

FIFA tashkiloti Fransiya terma jamoasi hamda Real Madrid va Chelsi klublarining sobiq yarim himoyachisi Lassana Diarra bilan uzoq davom etgan huquqiy nizoni yakunlash boʻyicha rasmiy kelishuvga erishdi. Ushbu nizo global transfer tizimini tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkin boʻlgan sud qaroridan soʻng hal qilindi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Dushanba kuni FIFA Arsenal, Chelsi va Real Madrid kabi jamoalarda toʻp surgan Diarra bilan barcha huquqiy masalalar yopilganini tasdiqladi. Mazkur ish Yevropa Ittifoqi sudi (CJEU) oʻtgan yili FIFA qoidalarini ittifoq qonunchiligiga zid deb topganidan soʻng futbol olamining diqqat markazida turgan edi.

Lassana Diarra FIFA va Belgiya futbol assotsiatsiyasidan 65 million yevro miqdorida tovon puli talab qilgan edi. Yevropa oliy sudi oktyabr oyida FIFAning amaldagi transfer qoidalari mehnat qonunchiligi va ittifoq hududida erkin harakatlanish huquqini buzadi degan xulosaga kelgan edi.

Ushbu mojaro 2014-yilda, Diarra Rossiyaning Lokomotiv Moskva klubi bilan toʻrt yillik shartnomasini bir yildan soʻng bekor qilganidan boshlangan. Oʻshanda FIFA futbolchini "asossiz sabab" bilan shartnomani buzganlikda ayblab, 10 million yevro jarimaga tortgan edi. Bu holat futbolchining yangi jamoa topishiga toʻsqinlik qilgan, chunki yangi klublar ushbu jarima uchun javobgar boʻlishdan qoʻrqishgan.

FIFA oʻz bayonotida Lassana Diarra bilan barcha sud jarayonlari toʻxtatilganini maʼlum qildi. Biroq, tashkilot bu kelishuv oʻz aybini tan olishni anglatmasligini alohida taʼkidladi. FIFA boshqa futbolchilar ham shunday kompensatsiya talab qilib chiqishining oldini olish uchun ushbu ishni tezroq yopishga harakat qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar