date 08:31 / 07.04.2025
views 20 467

Eldor Shomurodov “Roma”ni qutqardi. Raneri nimalar dedi?

Eldor Shomurodov “Roma”ni qutqardi. Raneri nimalar dedi?
Italiya A Seriyasi qizg‘in pallaga kirdi. 31-tur doirasida “Olimpiko” stadionida Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun jiddiy kurashayotgan raqiblar — “Roma” va “Yuventus” to‘qnash keldi. Bu uchrashuv haqiqiy derbilarga xos kayfiyatda o‘tdi.

Turinliklar 40-daqiqada Manuel Lokatellining goli orqali hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. “Yuventus”ni mag‘lubiyatdan keyingi yo‘lda olib borish oson emas, biroq “Roma” shunga qo‘l urdi — aniqrog‘i, Eldor Shomurodov qo‘l urdi!

Tajribali murabbiy Klaudio Raneri o‘yin oldidan ikki hujumchi – Artyom Dovbik va Eldor Shomurodovni birga tushirishni reja qilgan, biroq startda faqat Dovbikka ishonch bildirdi. Ammo tanaffusda murabbiy qarorini o‘zgartirdi va Eldorni jangga tashladi.

Natijada, 49-daqiqada o‘zbek hujumchisi g‘alatigina emas, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqaruvchi golni urdi. “Olimpiko” ko‘ksidagi Eldorimiz yana bir bor nomiga munosib o‘yin ko‘rsatdi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Klaudio Raneri quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Artyom va Eldorni birga o‘ynatishni juda ko‘p o‘ylab chiqaman. Lekin buni amalga oshirish uchun har tomonlama chuqur tahlil talab etiladi. Agar ularni birga tushirsam, Dovbikning ayrim vazifalarini Eldorga topshirishimga to‘g‘ri keladi. Shomurodov boshlang‘ich tarkibga munosib.

Biroq bir vaqtning o‘zida ikkita markaziy hujumchini tushirsam, keyin bu pozitsiyani kuchaytirish imkonim qolmaydi. Ayni damda jamoamizda ularning o‘rnini bosadigan boshqa toza markaziy hujumchi yo‘q.

Ha, men ikki hujumchi bilan o‘ynashni xohlayman. Lekin o‘yin davomida xato yoki charchoq yuzaga kelsa, o‘rinbosarlar skameykasidan kimni maydonga tushiraman? Shu bois hozircha asosan bitta markaziy hujumchi bilan harakat qilyapman.

Bunga qaramasdan, bu faqat shunday bo‘lib qoladi, deb bo‘lmaydi. Qaror qabul qilishdan avval kamida ikki marta o‘ylayman. Chunki men Dovbik ham, Shomurodov ham maydonda jon fido qilishini bilaman. Eldorni zaxiradan tushirib, Dovbikka bo‘lgan bosimni yengillashtirishga harakat qilaman.

U har doim boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga munosib. Zaxiradan tushganda ham o‘z ishini sidqidildan bajaradi. Zaxiradagi futbolchilar jamoaga yordam berish uchun maydonga chiqishga intilsa – bu murabbiy uchun katta yutuq, – dedi Raneri.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov joriy mavsumda “Roma” safida A Seriya, Italiya Kubogi va Yevropa Ligasi bahslarida jami 30 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Shu paytgacha 6 ta gol va 3 ta golli pas muallifi bo‘lgan Eldor, murabbiylar ishonchiga munosib ekanini yana bir bor amalda isbotladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport