
Yevropa futbolida transferlar mavsumi qizg‘in pallada. Muxlislar e’tiborida esa — O‘zbekiston milliy terma jamoasi va SSKAning hujumkor yulduzi Abbosbek Fayzullayevning “Istanbul Bashakshehir” safiga o‘tishi haqida tarqalgan yangi ma’lumotlar.
So‘nggi kunlarda turkiyalik jurnalist Usmon Altunterim o‘z manbalariga tayangan holda, ushbu transfer ortidagi asosiy jihatlarni muxlislar bilan bo‘lishdi. Unga ko‘ra, muzokaralar qariyb 20 kundan beri faol davom etayotgan ekan va Abbosbek shaxsan o‘zi transferga rozilik bergan. Bu qarorga turkiyaliklar safida yana bir o‘zbekistonlik — Eldor Shomurodovning borligi katta ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.
E’tiborlisi, “Bashakshehir” klubi to‘g‘ridan to‘g‘ri City Football Group — “Manchester Siti”ga egalik qiladigan xolding bilan hamkorlik qiladi. Shu bois, Abbosbek Fayzullayevning kelajakda Yevropa top-ligalarida harakat qilishiga yo‘l ochilishi ham aynan shu transfer orqali amalga oshishi kutilyapti. Turk klubi Fayzullayev uchun 7,5 million yevro va bonuslar to‘lashga tayyor ekani haqida xabarlar bor.
Yana bir mashhur insayder Ivan Karpov ham ushbu transfer City Football Group tashabbusi bilan amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Hatto “Bashakshehir” rahbarlariga Abbosbekni olishni ham aynan ushbu mutaxassislar tavsiya qilgan.
- "Abbosning SSKAdan transferi – “Istanbul Bashakshehir”ning Shayx Mansur xoldingiga kirishi natijasidir. Aynan uning mutaxassislari “Istanbul Bashakshehir”ga O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisini olishni tavsiya qilgan", - deb yozdi insayder Ivan Karpov.
Rossiya futboli muhitida ham Abbosning Premer-ligada qolishi yoki ketishi jiddiy muhokama qilinmoqda. “Lokomotiv Moskva” klubining sobiq vitse-prezidenti Yuriy Belous bu masalaga munosabat bildirib, Fayzullayev ketsa, bu nafaqat SSKA, balki butun Rossiya futboli uchun yo‘qotish bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, Turkiyaning musulmon mamlakati ekanini va Abbos uchun bu qaror shaxsan va oilasi uchun ham o‘ziga xos qadam bo‘lishini qayd etdi.
- "Fayzullayevning ketishi nafaqat “armiyachilar” uchun, balki butun Rossiya futboliga ham yo‘qotish bo‘ladi. Abbosbek juda samarador futbolchi ekanidan tashqari, uning o‘yinlari odamga huzur bag‘ishlaydi.
Bu transfer hozir foydalimi? Fayzullayevni atigi 500 ming yevroga olishgan. Gap boshqa tomonda. Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi kelasi yili jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatsa, Fayzullayevni katta summaga transfer qilish imkoniyati tug‘iladi.
Abbosbekning nuqtayi nazaridan, har holda Moskva fantastik shahar, unga Turkiyada qay darajada qulay bo‘lishini aytish qiyin. Nima bo‘lganda ham Turkiya xuddi O‘zbekiston kabi musulmon davlat, shu bois, Fayzullayevning o‘zi, agentlari va ota-onasi bu haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rgan", - dedi “Lokomotiv Moskva” klubi sobiq vitse-prezidenti Yuriy Belous.
Abbosbek “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi sifatida 2023 yilning avgustida SSKA safiga o‘tgan va Moskva klubi bu transfer uchun 500 ming yevro to‘lagan. O‘tgan mavsumdayoq u Rossiyadagi eng katta kashfiyotlardan biri sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, Osiyoda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb tan olindi.
Uning faoliyatining ilk mavsumiyoq sovrinlarga boy bo‘ldi — SSKA bilan chempionatda bronza medali, kubok va Superkubok, ayni paytda, 72 ta uchrashuvda 8 ta gol va 22 ta assistga erishgan.
Transferning moliyaviy tomoni ham e’tiborga arziydi — SSKA Fayzullayevni 500 ming yevroga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bugun 7,5 million yevro va bonuslar miqdorida so‘z bormoqda. Bu esa, o‘zbekistonlik yosh yulduz uchun ulkan yutuq va Yevropa yo‘lidagi katta qadam sifatida tarixga kirishi mumkin.
Qisqacha aytganda, Abbosbek Fayzullayevning “Bashakshehir”ga ehtimoliy o‘tishi nafaqat uning shaxsiy rivoji, balki butun o‘zbek futboli uchun katta qadam. Muxlislar esa bu transfer rasman e’lon qilinishi va yosh yulduzning Yevropada yanada porlashini kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar