Misr qiyin g‘alaba qozondi: Saloh ekstra-taymda hal qildi (video)

Afrika Millatlar Kubogi-2025 1/8 finalidagi Misr — Benin qarama-karshiligi o‘z intrigasi bilan muxlislarni oxirgi soniyalargacha ushlab turdi. “Adrar” stadionida o‘tgan bahsda “fir’avnlar” osonlikcha emas, katta iroda va tajriba hisobiga g‘alabani ilib ketdi hamda chorak final yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Uchrashuvning asosiy qismida jamoalar bir-biriga qattiq bosim o‘tkazdi, vaziyat esa jangovar durangga aylandi. 70-daqiqada Marvan Attiya hisobni ochib, Misrni oldinga olib chiqdi. Benin esa taslim bo‘lmadi: 83-daqiqada Jodel Dossu muvozanatni tiklab, jamoasiga umid qaytardi. Shu holatda o‘yin “endi kim birinchi xato qiladi?” degan nuqtaga kelib qoldi.
Biroq qo‘shimcha taymlarda Misr terma jamoasi o‘zining katta turnirlardagi tajribasini ko‘rsatdi. 97-daqiqada Yassir Ibrohim jamoasini yana oldinga olib chiqdi. Benin bu zarbadan keyin ham kurashni to‘xtatmadi, ammo ekstra-taymlar yakunida Misr sardori Muhammad Saloh yakuniy nuqtani qo‘ydi — 3:1. 120+4-daqiqada kiritilgan bu gol “fir’avnlar” uchun nafaqat g‘alaba, balki ruhiy yengillik ham bo‘ldi.
Shu tariqa, qit’aning 7 karra chempioni bo‘lgan Misr chorak finalga yo‘l oldi. Endi Saloh boshchilik qilinayotgan jamoa Kot-d’Ivuar — Burkina-Faso juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Qisqasi, Misr turnirdagi maqsadini ochiq aytdi: ular bu safar ham kubok uchun oxirigacha boradi.
Afrika Millatlar Kubogi-2025. 1/8 final
Misr — Benin 3:1 (qo‘shimcha taymlarda)
Gollar: M. Attiya (70), Ya. Ibrohim (97), M. Saloh (120+4) — J. Dossu (83).
Misr: El-Shenavi, Hani, Ya. Ibrohim, Rabia, Hamdi, Attiya, Fathi, Odil, Saloh, Marmush, Trezege.
Benin: Danjinu, Uoru, Verdon, Tijani, Roshe, Imuran, Samad-u, Tosin, Dodo, Olaytan, Mune.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!