Kloze Messi va Mbappe uning JCH rekordini yangilashini aytdi

Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze jahon chempionatlari tarixidagi gollar rekordi uzoq kutdirmay yangilanishiga ishonmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kloze to'rtta mundialda ishtirok etib, jami 16 bor raqib darvozasini ishg'ol qilgan. Hozir faol futbolchilar orasida unga eng yaqin natijalar Lionel Messi (13 gol) va Kiliyan Mbappe (12 gol)da.
"Ishonchim komil: jahon chempionatlaridagi gollar bo'yicha rekordim tez orada yangilanadi. Buni Messi 2026 yilda amalga oshirishi mumkin yoki Mbappe 2026 yoxud 2030 yilda. Men Leoning katta muxlisiman va u futbol o'ynashda davom etsa, unga eng yaxshisini tilayman. Mbappening ham iste'dodi aqlbovar qilmaydi. Umid qilamanki, ikkalasi ham sog'lom bo'ladi va eng yuqori darajasini ko'rsatadi. Har qanday holatda ham, menda hanuz eng yaxshi statistika bor va yarim finalda to'rt marta o'ynagan yagona futbolchiman", — deya Klozening so'zlarini Bild keltirdi.
Messi 2022 yilda Qatardagi mundialda chempion bo'lgan, Mbappe 2018 yilda Rossiyada kubokni qo'lga kiritgan. Kloze esa 2014 yilda Braziliyada o‘tgan jahon chempionatida zafar quchgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!