NASA olimlari Titanni koinotdagi ulkan yonilgʻi bazasiga aylantirishni taklif qilmoqda

NASAning Goddard kosmik parvozlar markazi tadqiqotchilari Saturnning eng yirik yoʻldoshi — Titanni kelajakdagi uzoq koinot missiyalari uchun strategik resurs bazasi sifatida koʻrib chiqmoqda. Astronom Konor Nikson boshchiligidagi guruh xulosasiga koʻra, ushbu samoviy jism oʻzining boy uglevodorod zaxiralari bilan kosmik kemalarni yonilgʻi va zarur materiallar bilan taʼminlovchi ulkan stansiyaga aylanishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Titan Quyosh tizimidagi oʻziga xos obyektdir: u Yerga oʻxshash zich atmosferaga ega yagona yoʻldosh hisoblanadi. Uning sirtida suyuq metan va etandan tashkil topgan koʻllar hamda dengizlar mavjud. Olimlar ISRU (in situ resource utilization) — resurslardan joyida foydalanish konsepsiyasi doirasida ushbu tabiiy boyliklarni oʻzlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu Yerda ishlab chiqarilgan tonnalab yonilgʻini koinotga tashish xarajatlarini keskin kamaytirish imkonini beradi.
Koinotdagi "yoqilgʻi quyish shoxobchasi"
Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, Titan bu borada Oy va Marsdan sezilarli darajada ustunlikka ega. Undagi murakkab uglevodorodlar Yer yuzidagi propan, butan va kerosin kabi moddalarga oʻxshash boʻlib, ulardan nafaqat raketa yonilgʻisi, balki plastik, sintetik materiallar va turli kimyoviy reagentlar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bu resurslar koinotda avtonom infratuzilmani yaratish uchun poydevor boʻladi.Biroq Titandagi sharoitlar oʻta murakkab: oʻrtacha harorat Selsiy boʻyicha -179 darajani tashkil etadi, tortishish kuchi esa Yernikidan yetti baravar kuchsizroq. Atmosferada erkin kislorod deyarli mavjud emas, shuning uchun yonish jarayonini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan oksidlovchi moddalarni, masalan, suv muzidan elektroliz orqali olish talab etiladi.
Shunga qaramay, NASA mutaxassislari Titanni Quyosh tizimining tashqi qismlariga, xususan, Yupiter va Saturndan keyingi sayyoralarga yoʻl oladigan ekspeditsiyalar uchun oraliq toʻxtash va qayta quvvatlanish punkti sifatida baholamoqda. Bunday yondashuv insoniyatning koinotni tadqiq qilish imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Hozirda NASA yaqin oʻn yilliklarda Titanga yuborilishi rejalashtirilgan Dragonfly missiyasini tayyorlamoqda. Ushbu qurilma yoʻldosh sirtini batafsil oʻrganib, uning kimyoviy tarkibi va resurslardan foydalanish imkoniyatlari haqidagi nazariyalarni amalda tekshirib koʻradi. Garchi bu loyihalar hozircha uzoq muddatli va nazariy xarakterga ega boʻlsa-da, kelajakdagi koinot iqtisodiyoti aynan shunday obyeklar ustiga qurilishi shubhasiz.






























Izohlar 0
…