"Real"da sovuqchilik: Mbappe va Arbeloa oʻrtasida muammo paydo boʻldi...

"Real Madrid"da ichki muhit tobora qizib bormoqda. Nufuzli COPE nashri maʼlumotiga koʻra, jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa va hujumchi Kilian Mbappe oʻrtasidagi munosabatlar ancha sovuqlashgan.
Manba taʼkidlashicha, ikki tomon oʻrtasida avvalgiday oʻzaro tushunish yoʻqolgan. Hatto bu aloqa Xabi Alonso davridagidek iliq emas. Murabbiy va yulduz hujumchi oʻrtasida maʼlum masofa paydo boʻlgani, bu esa jamoa ichki muhitiga ham taʼsir qilayotgani aytilmoqda.
Qizigʻi, vaziyatga ommaviy axborot vositalarida tarqalgan bir epizod ham sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Unda Kilian Mbappe 2012 yilgi Joze Mourino boshqaruvidagi “Real” yulduzlari — Krishtianu Ronaldu va Mesut Oʻzil ishtirok etgan kollajga layk bosgani muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu postda hozirgi tarkibdan ham Arda Gyuler va Mbappe aks etgani eʼtiborli.
Ayni paytda matbuotda "Real Madrid" rahbariyati Arbeloa oʻrniga yana Joze Mourinoni qaytarishi mumkinligi haqidagi xabarlar ham tarqalmoqda. Qolaversa, portugaliyalik mutaxassis bu ehtimolni toʻliq inkor etmagan.
Shu bilan birga, maydondagi statistika boshqa narsani koʻrsatmoqda. Kilian Mbappe joriy mavsumda 41 ta oʻyinda 41 ta gol va 6 ta assist qayd etib, jamoaning asosiy kuchlaridan biri boʻlib qolmoqda.
Qisqacha aytganda, “Real”da natijalar bor, lekin atmosfera savol ostida. Agar bu sovuqchilik chuqurlashsa, yozda katta oʻzgarishlar boʻlishi hech gap emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!