Real Madrid prezidentligiga nomzod ikki yulduz bilan shartnoma imzoladi

Enrique Riquelme Real Madrid prezidentligi uchun kurashda Florentino Pérezga jiddiy raqib boʻlishini eʼlon qildi. Prezidentlikka nomzod agar saylovda gʻalaba qozonsa, jamoaga ikki nafar jahon darajasidagi yulduzni olib kelishga vaʼda berdi. Ispaniyaning ABC nashriga bergan intervyusida Riquelme: "Biz allaqachon ikki xalqaro yulduz bilan shartnoma imzoladik", — deya taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Riquelme bu shunchaki ogʻzaki kelishuv emas, balki yuridik kuchga ega boʻlgan hujjat ekanligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu futbolchilar klubning qisqa, oʻrta va uzoq muddatli sport loyihasi uchun oʻta muhim hisoblanadi. Nomzod hozircha yulduzlarning ismini ochiqlamadi, biroq yaqin ikki hafta ichida barcha tafsilotlar maʼlum boʻlishiga shama qildi.
Shuningdek, Riquelme klubning hozirgi boshqaruv tizimini keskin tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, Real Madrid oʻzining tarixiy DNKsini, qadriyatlarini va professionalligini yoʻqotgan. Nomzod klub iyerarxiyasida tartib yoʻqligini va rahbariyat Real Madrid nima ekanligini tushunmay qolganini aytdi.
Murabbiylar masalasiga toʻxtalar ekan, Riquelme José Mourinho qaytishini rad etdi, lekin Xabi Alonso borasidagi qarorni xato deb hisoblashini bildirdi. Uning fikricha, Leverkusen bilan tarixiy natija qayd etgan Alonsoga yetarlicha vaqt va vakolat berilmagan. Riquelme Madrid muxlislari klubdagi bunday beqarorlikdan norozi ekanligini qoʻshimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!