Ramin Rizoyon yig‘lab yubordi: «Eron xalqi, bizni kechiring»

2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichida Misr va Eron o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Forslar safida gol urgan Ramin Rizoyon bahsdan keyin hissiyotlarini tiya olmay, ko‘z yosh to‘kdi.
Eron 90+6-daqiqada yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan edi. Biroq gol bekor qilindi va jamoa pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatini qiyinlashtirib qo‘ydi.
«Nima deyishim mumkin? Nega bunday bo‘layotganini bilmayman. Bu shunchaki omadsizlik. Bir marta, ikki marta, uch marta, to‘rt marta, besh marta... Keyingi bosqichga chiqishimizga va xalqimiz yana quvonch his qilishiga umid qilaman. Chunki ular bundan ham yaxshirog‘iga munosib», — dedi Rizoyon.
Futbolchi jamoa a’zolari maydonda bor kuchini ishga solganini va ularning asosiy maqsadi Eron xalqini xursand qilish bo‘lganini ta’kidladi.
«Biz borimizni berdik. Yagona istagimiz xalqimizni baxtli qilish edi. Uch oydan buyon hech qanday mukofot yoki e’tirof kutmasdan kurashyapmiz. Bu jamoadagi har bir futbolchi or-nomusli, mustahkam xarakterli va vataniga sodiq inson», — dedi u.
Rizoyon Eron muxlislaridan kechirim ham so‘radi.
«Eron xalqi, biz sizlarni juda yaxshi ko‘ramiz. Bizni kechiring. Ayta oladigan yagona gapim shu — bizni kechiring. Barchamiz qattiq afsusdamiz. Biz yaxshi futbol ko‘rsatdik, ammo qayerda xato qilganimizni bilmayman. Sizlar dunyodagi eng yaxshi narsalarga munosibsizlar», — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
Ma’lumot uchun, Eron 3 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinni egalladi. Endi jamoa eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida 1/16 finalga chiqish uchun boshqa guruhlardagi natijalarni kuzatadi.































Izohlar 0
…