Swatch kompaniyasi Samsungʼdan 170 million dollar tovon puli talab qilmoqda

Shvetsariyaning mashhur Swatch Group soat ishlab chiqaruvchisi va Janubiy Koreyaning texnologik giganti Samsung oʻrtasidagi uzoq yillik huquqiy nizo yangi bosqichga chiqdi. Shvetsariya kompaniyasi Samsung smart-soatlari uchun yaratilgan raqamli siferblatlar dizayni oʻzining savdo belgilarini buzganini daʼvo qilib, 170 million dollar miqdorida kompensatsiya talap qilmoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, ushbu ish Buyuk Britaniya tarixidagi savdo belgilarini himoya qilish boʻyicha eng yirik sud jarayonlaridan biriga aylanishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mazkur nizo Samsung kompaniyasining Galaxy Watch smart-soatlari uchun moʻljallangan ilovalar bilan bogʻliq. Ushbu ilovalar foydalanuvchilarga Swatch Group tarkibiga kiruvchi Omega, Tissot va boshqa nufuzli brendlarning klassik dizaynlarini nusxalovchi raqamli siferblatlarni oʻrnatish imkonini bergan. 2022-yilda London Oliy sudi Samsung kompaniyasini savdo belgilariga oid huquqlarni buzganlikda aybdor deb topgan edi.
Dizayn oʻgʻriligi va litsenziya masalasi
Hozirda sud jarayoni faqatgina tovon puli miqdorini belgilash bilan shugʻullanmoqda. Swatch Group mutaxassislarining hisob-kitoblariga koʻra, 170 million dollarlik summa oʻnta brendning dizaynidan foydalanish uchun gipotetik litsenziya narxiga teng. Kompaniya oʻz brendlarining taniluvchanligi va tijorat qiymatini hisobga olgan holda shunday yuqori summani belgilagan. Shvetsariyaliklar oʻzlarining anʼanaviy soatsozlik sanʼati raqamli nusxalar orqali qadrsizlanishidan xavotirda.Samsung tomoni esa ushbu talablarga keskin qarshi chiqmoqda. Financial Times maʼlumotlariga koʻra, texnologik gigant soʻralayotgan kompensatsiya miqdorini haddan tashqari yuqori va asossiz deb hisoblaydi. Kompaniya vakillarining fikricha, raqamli siferblatlarning mavjudligi anʼanaviy soatlar bozoriga jiddiy zarar yetkazmagan va bunday katta jarima adolatsizdir.
Brend nufuzi va bozor strategiyasi
Qiziqarli jihati shundaki, Swatch Group ongli ravishda toʻlaqonli aqlli soatlar bozoriga kirmaslikka qaror qilgan. Kompaniya rahbariyati anʼanaviy mexanik va kvars soatlarning nufuzini saqlab qolishni ustuvor vazifa deb biladi. Tissot brendi rahbariyatining taʼkidlashicha, ularning dizaynlari raqamli qurilmalarda ommaviy ravishda ishlatilishi shvetsariya soatlarining eksklyuzivligiga va nufuziga putur yetkazadi.Ushbu sud qarori nafaqat Buyuk Britaniyada, balki global miqyosda ham katta ahamiyatga ega. Reuters tahlilchilarining fikricha, Londondagi yakuniy hukm Swatch kompaniyasining AQShda Samsungʼga qarshi bergan shunga oʻxshash daʼvo arizasiga ham bevosita taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bu esa texnologiya olamida intellektual mulkni himoya qilish boʻyicha yangi presedent yaratishi kutilmoqda.
Hozirda sud eshituvlari davom etmoqda va yakuniy qaror yaqin oylarda eʼlon qilinishi kutilmoqda. Agar sud Swatch foydasiga qaror chiqarsa, bu boshqa anʼanaviy brendlar uchun ham oʻz intellektual mulkini texnologik platformalardan himoya qilishda kuchli turtki boʻladi.






























Izohlar 0
…