Norvegiya — Fransiya o‘yinidan keyin otishma: to‘rt kishi yaralandi

2026 yilgi jahon chempionati doirasidagi Norvegiya va Fransiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin xavotirli hodisa sodir bo‘ldi.
Fransiyaning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bahsdan so‘ng yuzlab muxlis to‘plangan hududda otishma yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida to‘rt kishi o‘qdan jarohat olgan.
Uchrashuv AQSHning Massachusets shtati Foksboro shahridagi «Jillett» stadionida o‘tkazilgan.
Massachusets politsiya departamenti ma’lum qilishicha, juma kuni yarim tunga yaqin otishma haqida bir nechta chaqiruv kelib tushgan.
«Hodisa joyiga yetib borgan politsiya xodimlari Meyn-strit va Park-strit kesishmasida kamida to‘rt nafar fuqaroni o‘qotar quroldan jarohat olgan holda topdi», — deya politsiya bayonotidan iqtibos keltirdi ABC News.
Jabrlanganlarning barchasi shifoxonaga olib ketilgan. Hozircha ularning ahvoli haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.
Shuningdek, otishma bilan bog‘liq holda kimdir hibsga olingani to‘g‘risida ham xabar yo‘q. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkazilmoqda. Amaldagi jahon chempioni — Argentina milliy jamoasi.































Izohlar 0
…