Erling Xoland Norvegiya terma jamoasi murabbiyining bahsli qarorini himoya qildi

Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Xoland Frantsiyaga qarshi kechgan yirik magʻlubiyatdan soʻng jamoa bosh murabbiyi Stale Solbakkenning asosiy oʻyinchilarga dam berish haqidagi qarorini qoʻllab-quvvatladi. Futbolchining fikricha, tarkibdagi keskin rotatsiya pley-off bosqichi oldidan jamoaning umumiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Jahon chempionati guruh bosqichi doirasidagi muhim bahsda Norvegiya ustozi Solbakken kutilmaganda asosiy tarkibning 10 nafar aʼzosini zaxirada qoldirdi. Faqatgina Frederik Aursnes oʻtgan oʻyindagi oʻrnini saqlab qoldi. Natijada, amalda ikkinchi tarkib bilan maydonga tushgan norveglar Frantsiya terma jamoasiga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Bu qaror muxlislar va ekspertlar tomonidan keskin tanqidga uchradi.
Murabbiyning tavakkali va Haalandning munosabati
Zaxira oʻrindigʻida qolib ketgan yulduzlar orasida Erling Xoland, Martin Odegaard va Antonio Nusa kabi yetakchilar bor edi. De Telegraaf nashri xabariga koʻra, murabbiy oʻz qaroridan afsusda emasligini bildirgan. Solbakkenning taʼkidlashicha, uning asosiy maqsadi guruhda birinchi oʻrinni egallash emas, balki jamoani turnirda imkon qadar uzoqroqqa olib borishdir.Erling Xoland ham murabbiyning pozitsiyasiga qoʻshilishini maʼlum qildi. "Men oʻyindan oldin ham bu qarorga qarshi emasligimni aytganman va hozir ham fikrim oʻzgarmadi. Frantsiya baribir kuchliroq edi. Hatto eng kuchli tarkibimiz bilan tushganimizda ham, ularni magʻlub eta olmasdik deb oʻylayman", — deya taʼkidladi "Manchester Siti" forvardi.
Hujumchi Frantsiya terma jamoasining yuqori saviyasini alohida eʼtirof etdi. Uning soʻzlariga koʻra, raqib tarkibidagi mahoratli oʻyinchilarning koʻpligi ularni turnirning asosiy favoritlaridan biriga aylantiradi. Norvegiya uchun esa pley-off bosqichiga asosiy kuchlarni saqlab qolish strategik jihatdan muhimroq hisoblanadi.
Stale Solbakken faqat bir narsadan afsusda ekanini bildirdi — bu ham boʻlsa stadionga Erling Xoland va Martin Odegaard kabi yulduzlarni koʻrish uchun kelgan muxlislardir. Biroq, professional nuqtayi nazardan, u jamoaning jismoniy holatini birinchi oʻringa qoʻyishni afzal koʻrgan. Endilikda Norvegiya pley-off oʻyinlarida ushbu dam olishning foydasini isbotlashi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…