JCH–2030da 64 jamoa bo‘ladimi? Muhim izoh bor...

Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi prezidenti Alexandro Dominges 2030 yilgi jahon chempionatini 64 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkazish rejasini yana kun tartibiga olib chiqdi. U turnirning yuz yilligi munosabati bilan musobaqa tarixdagi eng katta mundialga aylanishini bildirdi.
Biroq hozircha 64 jamoali format FIFA tomonidan rasman tasdiqlangani yo‘q. Bu KONMЕBOL ilgari surgan taklif bo‘lib, yakuniy qaror xalqaro futbol tashkiloti tomonidan qabul qilinishi kerak. FIFA prezidenti Janni Infantino ham masala JCH–2026dan keyin muhokama qilinishini aytgan.
Dominges qanday bayonot berdi?
KONMЕBOL rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 2030 yilgi turnir futbolning tarixiy vataniga qaytishini ta’kidladi.
«Keyingi chempionat futbolning beshigida o‘tadi. Bu turnirning yuz yilligini nishonlash uchun ajoyib imkoniyat. Musobaqada 64 ta jamoa ishtirok etadi», — dedi Dominges.
KONMЕBOL 64 terma jamoali formatni birinchi marta emas, avval ham rasman taklif qilgan. Konfederatsiya bu g‘oyani mundialning 100 yilligi munosabati bilan faqat bir marta qo‘llash va turnirga ko‘proq mamlakatlarni jalb qilish istagi bilan izohlagan.
FIFA hali yakuniy qaror chiqarmagan
Domingesning qat’iy bayonotiga qaramay, 2030 yilgi jahon chempionati ishtirokchilari soni hozircha rasman 64 taga yetkazilmagan.
FIFA rahbariyati taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan, ammo uni ma’qullash yoki rad etish bo‘yicha yakuniy qaror e’lon qilinmagan. Shu sabab «JCH–2030da 64 jamoa qatnashadi» degan xabarni hozircha tasdiqlangan format emas, muhokama qilinayotgan reja sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi.
Ayrim futbol konfederatsiyalari bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqalari keskin kengayish o‘yinlar soni, futbolchilar yuklamasi va xalqaro taqvimga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytmoqda.
Turnir olti davlatda o‘tkaziladi
JCH–2030 tarixda ilk bor uch qit’adagi olti davlatni qamrab oladi. Turnirning asosiy mezbonlari Ispaniya, Portugaliya va Marokash hisoblanadi.
Mundialning yuz yilligiga bag‘ishlangan dastlabki uchrashuvlar esa Urugvay, Argentina va Paragvayda tashkil etiladi. Urugvay 1930 yilda tarixdagi birinchi jahon chempionatiga mezbonlik qilgan edi.
Shu tariqa, musobaqa Yevropa, Afrika va Janubiy Amerika hududlarida o‘tkaziladi.
64 jamoali format nimani o‘zgartiradi?
JCH–2026da ishtirokchilar soni ilk bor 32 tadan 48 taga oshirildi va turnir 104 ta uchrashuvdan iborat bo‘ldi. Agar 2030 yilgi mundial 64 jamoaga kengaytirilsa, musobaqalar soni yana keskin ko‘payishi mumkin.
Bu ko‘proq mamlakatga jahon chempionatida qatnashish imkoniyatini beradi. Ayni paytda turnir muddati, saralash tizimi, guruhlar formati va futbolchilar yuklamasi bo‘yicha yangi savollarni keltirib chiqaradi.
Yakuniy so‘z FIFAdan chiqadi
KONMЕBOL JCH–2030ni 64 jamoa ishtirokida o‘tkazish niyatini ochiq bildirmoqda. Domingesning so‘nggi bayonoti ham Janubiy Amerika tomoni ushbu rejadan voz kechmaganini ko‘rsatdi.
Ammo formatni o‘zgartirish huquqi FIFAga tegishli. Shu bois futbol tarixidagi eng katta mundial haqiqatga aylanadimi yoki 48 jamoali tizim saqlab qolinadimi — rasmiy qarordan keyingina ma’lum bo‘ladi.































Izohlar 0
…