O‘zbekistonda anomal issiq qachon pasayishi rasman ma’lum qilindi

O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq havo yana bir necha kun davom etadi. “O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab harorat 21 iyuldan boshlab bosqichma-bosqich pasayishi kutilmoqda.
Sinoptiklarning prognoziga ko‘ra, juma hamda dam olish kunlari issiq yanada kuchayadi. Respublika hududlarining aksar qismida kunduzi havo harorati 42–45 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarda esa 46–48 darajagacha ko‘tariladi.
Shamol tezligi 9–14 metr/soniyani tashkil etadi. Ayrim joylarda u 15–18 metr/soniyagacha kuchayishi, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarda esa 20–22 metr/soniyagacha yetib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
20 iyul kuni respublika hududining katta qismida ekstremal issiq saqlanib qoladi. Faqat shimoli-g‘arbiy viloyatlarda havo harorati pasaya boshlaydi.
21 iyuldan esa butun mamlakat bo‘ylab havo salqinlasha boshlaydi. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, kunduzgi harorat 6–9 darajagacha pasayishi prognoz qilingan.
Toshkent shahrida ham asosan kam bulutli ob-havo saqlanadi. Juma kuni havo 41–43 daraja, shanba va yakshanba kunlari esa 43–45 darajagacha isishi kutilmoqda. Kechasi havo harorati 25–28 daraja atrofida bo‘ladi.
Mutaxassislar aholiga kunning eng issiq vaqtlarida imkoni boricha ochiq havoda uzoq yurmaslik, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish hamda quyosh nurlaridan ehtiyotlanishni tavsiya etmoqda.






























Izohlar 0
…