Ikki opa-singil ijara uyidagi suratda o‘zlarini ko‘rib qolishdi

Ikki opa-singil ijara uyidagi suratda o‘zlarini ko‘rib qolishdi

AQSHning Yuta shtatida yashovchi ikki opa-singil — Libbi Birrell va Obri Birrell ijtimoiy tarmoqlarda kutilmagan voqea tufayli mashhurlikka erishdi. Ular Airbnb orqali ijaraga olgan uy devorida osig‘liq turgan suratda o‘z oilasi a’zolarini ko‘rib qoldi. Avvaliga bu holat ularni chuqur hayratga solgan bo‘lsa, keyinchalik uning ortidagi sir ham ma’lum bo‘ldi.

Fox News Digital'ga bergan intervyusida opa-singillar mazkur voqeani ilk bor ko‘rganida ancha qo‘rqib ketganini tan oldi. Ular iyul oyi boshida bobosining 80 yoshligini nishonlash uchun qariyb 30 nafar qarindoshi bilan Kaliforniyaning San-Diyego shahri yaqinidagi Oushensayd hududida joylashgan ijara uyiga kelgan.

Devordagi ramkaga joylangan sohil suratini ko‘rishi bilan ular undagi insonlar o‘z oilasi ekanini payqagan.

«Suratni ko‘rishimiz bilan hammani chaqirdik. Barcha hayratda qoldi. Do‘stlarimga videoqo‘ng‘iroq qildim, chunki ular ham oilamizni yaxshi taniydi. Ular ham ishona olmadi», — dedi Obri Birrell.

Uning aytishicha, birinchi kechasi bu holat sabab o‘zlarini ancha noqulay his qilishgan.

«Rostini aytsam, biroz qo‘rqib ketdik. “Nahotki ular bizning kelishimizni oldindan bilgan bo‘lsa?” degan xayol ham o‘tdi. Bu juda g‘alati va sirli tuyuldi», — deydi u.

Keyinchalik oila a’zolari uy egasidan surat haqida so‘rashgan. Ma’lum bo‘lishicha, uy intererini bezagan fotograf San-Diyego sohillarida dron orqali olingan manzaralarni san’at asari sifatida kattalashtirib, dam olish uylariga joylashtirib kelar ekan.

Uy ichida hayron qolgan ikki qiz va devordagi dengiz manzarali rasm.

Tarqalib ketgan suratda Obrining otasi ham suratga diqqat bilan qarab: «Bu menga o‘xshayapti», deydi. Avvaliga qizlar bu gapga ishonmaydi. Biroq keyinchalik suratda haqiqatdan ham otasi, Libbi va akasi Breydining taxminan o‘n yil avvalgi tasviri aks etganini anglashadi.

«Bizda hali ham o‘sha cho‘milish kiyimlari bor. Bu rasmda haqiqatan ham biz tasvirlanganmiz», — deydi Libbi.

Opa-singillarning fikricha, mazkur surat taxminan o‘n yil avval Mishn-Bich yoki Imperial-Bich sohilida tushirilgan. O‘sha vaqtda ular akalarining futbol musobaqasi munosabati bilan oilaviy sayohatda bo‘lgan.

Biroq voqeaning barcha sirlari to‘liq ochilmagan. Tarqalib ketgan surat ostida ayrim foydalanuvchilar xuddi shu sohil suratini boshqa Airbnb uylari va hatto Floridadagi ayrim xonadonlarda ham ko‘rganini yozgan. Bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar ham turlicha kechdi. Ayrimlar bu voqeani qo‘rqinchli film boshlanishiga o‘xshatgan bo‘lsa, boshqalar o‘zlari ham shunga o‘xshash holatlarga duch kelganini aytib o‘tdi. Kimdir do‘kondagi fotoramkadan, yana kimdir boshqa shtatdagi reklama bukletidan o‘zini ko‘rib qolganini yozgan.

Voqeadan so‘ng uy egasi hatto mazkur sohil suratining nusxasini oilaga sovg‘a qilishni ham taklif etgan. Bugun esa Birrell opa-singillari bu kutilmagan hodisani qo‘rqinchli emas, balki qiziq va unutilmas xotira sifatida eslab yurishlarini aytishmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar