67 million yillik Tirannozavr reks rekord narxga sotildi

67 million yillik Tirannozavr reks rekord narxga sotildi

67 million yil avval yashagan Tyrannosaurus rex (Tirannozavr reks) qoldiqlari Nyu-Yorkdagi Sotheby's auksionida 50,1 million dollar (37,4 million funt sterling)ga sotildi. Bu dinozavr qoldiqlari uchun tarixda to‘langan eng yuqori mablag‘ sifatida yangi rekord o‘rnatdi.

Auksionga qo‘yilgan ushbu noyob namuna «Gas» (Gus) deb nomlangan bo‘lib, uning bo‘yi 4 metrdan ortiq. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, skeletning 60 foizdan ziyod qismi saqlanib qolgan bo‘lib, u hozirgacha topilgan eng to‘liq Tyrannosaurus rex namunalaridan biri hisoblanadi.

Hozircha ushbu noyob topilmani kim sotib olgani rasman oshkor etilmagan.

Tiranozavrning yon tomondan ko‘ringan bosh va qovurg‘a skeleti.

«Gas» 2021 yilda AQSHning Janubiy Dakota shtatidagi chekka rancholardan birida aniqlangan. Qazish ishlari 2021–2023 yillar davomida, yer muzlashi yechilgan yoz mavsumida uch bosqichda amalga oshirilgan. Keyin esa olimlar va mutaxassislar yana uch yil davomida laboratoriyada skeletni yig‘ish, tozalash va ilmiy tahlil qilish ishlarini bajargan.

Sotheby's auksion uyining fan va tabiiy tarix bo‘limi rahbari Kassandra Xattonning ta’kidlashicha, bu natija ko‘p yillik mehnat mahsulidir.

«Gas nafaqat noyob topilma, balki yuqori darajada qazib olingan, hujjatlashtirilgan, tayyorlangan va asrab qolingan ajoyib namunadir», — dedi u.

Tadqiqotlar davomida dinozavrning bosh suyagida tish izlari, shuningdek, hayoti davomida sinib, keyin bitib ketgan qovurg‘alar aniqlangan. Olimlar fikricha, bu jarohatlar boshqa dinozavrlar bilan jang yoki ozuqa uchun kurash paytida olingan bo‘lishi mumkin.

Ushbu savdo 2024 yilda Stegosaurus qoldiqlari o‘rnatgan rekordni ortda qoldirdi va dinozavr qoldiqlari ilk bor 50 million dollarlik chegaradan oshib sotildi.

Ayrim olimlar BBC'ga bergan izohida bu kabi savdolar o‘ta boy kolleksionerlar orasida qadimgi qazilmalarga qiziqishning yangi bosqichini boshlab berishi mumkinligini ta’kidladi.

Muzey zalidagi "Gus Rex" deb nomlangan tirannozavr skleti.

Mutaxassislar esa yuqori narx faqat noyoblik emas, balki uni qazib olish, tiklash va ilmiy o‘rganish uchun sarflangan ulkan mehnat hamda mablag‘larni ham aks ettirishini qayd etmoqda.

Avvalgi rekord egasi bo‘lgan «Apex» nomli stegozavrni sotib olgan milliarder Kennet Griffin uni to‘rt yilga Amerika Tabiiy tarix muzeyiga vaqtincha taqdim etgan edi. Shu bois «Gas»ni xarid qilgan yangi egasi ham uni kelajakda muzeylardan biriga namoyish qilish uchun berish ehtimoli istisno qilinmayapti.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar