Lamin Yamal nega har golidan keyin "304" ishorasini ko‘rsatadi?

Har safar Lamin Yamal gol urganidan so‘ng kameralar uning yana bir o‘ziga xos odatini e’tibordan chetda qoldirmaydi. Futbolchi qo‘llari bilan "304" raqamini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik buni shunchaki golni nishonlash usuli deb o‘ylashi mumkin. Ammo bu raqam Yamal uchun juda chuqur ma’noga ega.
Gap shundaki, "304" — futbolchi ulg‘aygan Ispaniyaning Mataro shahridagi Rokafonda mahallasining pochta indeksi 08304 dagi oxirgi uchta raqamdir. Yamal ushbu ishora orqali bolaligini, ilk qadamlarini qo‘ygan mahallasini va o‘z ildizlarini hech qachon unutmasligini namoyish etadi. Bu bilan u: "Men qayerdan chiqqanimni unutmaganman", degan ma’noni yetkazadi.
Qizig‘i shundaki, 304 raqami nafaqat uning gol nishonlash uslubida, balki sport anjomlarida ham aks etgan. Futbolchining butsilariga ham ushbu raqam yozilgan. Bundan tashqari, 2026 yilgi Jahon chempionati davomida Yamalning bo‘ynida "304" shaklidagi kulon taqqani ham muxlislar e’tiboridan chetda qolmadi.

Futbolda muxlislar ko‘pincha urilgan gollar va qo‘lga kiritilgan sovrinlarni eslab qoladi. Ammo buyuk futbolchilarni aynan ularning qadriyatlari, kelib chiqishiga bo‘lgan hurmati va o‘ziga xos ramzlari boshqalardan ajratib turadi.
Bugun 304 oddiy raqam emas. U Lamin Yamal uchun bolalik xotiralari, uni katta futbol sari yetaklagan mahallasi va o‘z ildizlariga bo‘lgan sadoqat timsolidir. Shu sababli ham bu raqam bugun butun dunyo muxlislari orasida Yamalning o‘ziga xos ramziga aylanib ulgurgan.






























Izohlar 0
…