Yevropadagi rekord issiqlikning asl sababi ma’lum bo‘ldi

Yevropadagi rekord issiqlikning asl sababi ma’lum bo‘ldi

Yevropada kuzatilayotgan rekord darajadagi issiq ob-havoning asosiy sababi cho‘l hududlaridan kirib kelayotgan kuchli subtropik antisiklonlar ekani ma’lum qilindi. Iqlimshunos olimlarning ta’kidlashicha, ushbu jarayon so‘nggi yillarda keskin kuchayib, bir qator davlatlarda tarixiy harorat rekordlarining yangilanishiga sabab bo‘lmoqda.

Kamerino universiteti professori Massimiliano Fazzinining so‘zlariga ko‘ra, Sahroyi Kabir va Eron platosidan harakatlanuvchi issiq havo massalari 6–8 kilometr balandlikkacha ko‘tariladi. Keyin ular tog‘ tizmalaridan oshib pastga tushar ekan, havo siqilishi natijasida yanada qizib, yer yuzasidagi haroratni keskin oshiradi.

Mutaxassisning aytishicha, avvallari G‘arbiy Yevropada asosan Atlantika okeanidan keluvchi antisiklonlar ustunlik qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda cho‘llardan kelayotgan subtropik antisiklonlar tobora faollashmoqda. Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi cho‘l hududlari ham tez sur’atlarda qizib borayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Olimning ta’kidlashicha, aynan shu omillar Yevropa bo‘ylab kuzatilayotgan kuchli issiq havo to‘lqinlarini yuzaga keltirmoqda. Issiq havo yer yuzasiga tushganda yanada qizib, rekord darajadagi haroratlarni keltirib chiqaradi.

Iyun oyida Yevropaning qator davlatlarida havo harorati 40 darajadan oshib ketdi. Oy so‘nggida esa bir nechta mamlakatlarda mutlaq harorat rekordlari yangilandi. Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Italiyada eng yuqori — «qizil» xavf darajasi e’lon qilindi.

Ayni paytda Italiya hududiga navbatdagi kuchli issiq havo to‘lqini yaqinlashmoqda. Ilgari tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa bo‘ylab kuzatilgan jazirama oqibatida 10 mingdan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan. Qurbonlarning aksariyati 65 yoshdan oshgan fuqarolar ekani qayd etilgan.

Shifokorlar va iqlim mutaxassislari anomal issiqlik nafaqat issiq urishi, balki yurak-qon tomir hamda nafas yo‘llari kasalliklarining kuchayishiga ham sabab bo‘lishini ta’kidlamoqda. Shu bois, ayniqsa keksa yoshdagilarga ehtiyotkorlik choralariga qat’iy amal qilish tavsiya etilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar