09:53 / 10.08.2020
1 643

Shomurodov nega gol ura olmayapti? Vadim Abramov bu savolga javob berdi

Shomurodov nega gol ura olmayapti? Vadim Abramov bu savolga javob berdi
O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya chempionati yangi mavsumining 1-turidan o‘rin olgan «Tambov»ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va yana gol ura olmadi. Shu tariqa hujumchining RPLdagi golsiz o‘yinlari seriyasi 9 taga yetdi.

Shomurodov oxirgi marta 29 fevral kuni «Axmat» darvozasiga gol urgandi. Shundan keyin u «Arsenal» va SSKAga qarshi o‘yinlarda bittadan golga assistentlik qildi. Oxirgi oltita o‘yinda esa samarali harakatni amalga oshirmadi. Shunday bo‘lsa-da, Shomurodov gol+pas bo‘yicha RPL o‘tgan mavsumida uchinchi bo‘ldi.

Tribuna.uz muxbiri Shomurodov oxirgi o‘yinlarda nega gol ura olmayotgani haqidagi savol bilan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramovga murojaat qildi. Milliy jamoa murabbiyi Shomurodovning o‘yini iziga tushib ketishiga shubha qilmasligini, Karpin bejizga unga ishonmayotganini aytdi.

– Vadim Karlenovich, Eldor Shomurodov fevraldan buyon gol ura olmayapti. Bunga nima sabab bo‘lyapti deb o‘ylaysiz?
– Avvalo bunga «Rostov»da koronavirus tufayli yuzaga kelgan to‘xtalish sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Bu to‘xtalishdan keyin butun «Rostov»ning o‘yini qovushmadi, ammo oxirgi o‘yinda ular g‘alaba qozonishdi. Menimcha, «Rostov» o‘ziga kela boshladi va tez orada jamoaning o‘yini iziga tushib ketadi.

– Nahotki ikki hafta mashg‘ulot o‘tkazmaslik jismoniy holatga shunchalik jiddiy ta’sir qilsa?
– Albatta, ikki hafta juda katta muddat. Mavsumlar oralig‘ida futbolchilar uch hafta dam olishadi va keyin mavsum ular uchun yangitdan boshlanadi. Mavsum o‘rtasida esa bu juda katta to‘xtalish. Buning ustiga, «Rostov» ikki hafta mashg‘ulotsiz karantinda o‘tirgach, birdan rasmiy o‘yinda maydonga tushdi. Bu oddiy narsa emas. Agar mavsumoldi yig‘indan avval ikki hafta karantinda o‘tirishganda, bu jismoniy holatga ta’sir qilmasligi mumkin edi, lekin mavsum o‘rtasida bunday bo‘lishi tabiiyki jamoaga salbiy ta’sir qiladi.

– Karpin jamoasida boshqa hujumchilar bo‘lsa-da, Eldorni doimiy asosiy tarkibda tushirmoqda. Bundan u maydondagi ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarmoqda, shunchaki gol urish uchun imkoniyat bo‘lmayapti deb xulosa qilish mumkinmi?
– Ha, Karpin uning kuchli jihatini bilgani uchun ishonch bildirib, maydonga tushirmoqda. Futbolchining faoliyatida notekisliklar bo‘lib turadi, buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Bunday vaqtda futbolchini qo‘llab-quvvatlash lozim. Karpin uzoqni ko‘zlagan holda Shomurodovni qo‘llamoqda. Eldor yaxshi formaga kirib olsa, jamoaga ko‘p foyda keltirishi mumkinligini Karpin tushunib turibdi. U hozir shunchaki gol urishi kerak va hammasi o‘rniga tushib ketadi.

– Eldor mavsumdagi gollarining deyarli barchasini birinchi davrada urdi. Uning o‘yinlarini kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, nega keyingi o‘yinlarda gol ura olmayapti deb o‘ylaysiz?
– Eldorning uylanganini ham unutmaslik kerak (kuladi). Bu e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak bo‘lgan omil. Futbolchi uylansa, bu uning o‘yiniga ta’sir qiladi. Baribir bu jarayon inson fiziologiyasi o‘zgarishiga olib keladi. Balki men adashayotgandirman, lekin nima bo‘lganda ham, bu unutmaslik kerak bo‘lgan omil.

Umid qilaman, Eldor milliy jamoaga kelganida, bu unga yaxshi ta’sir qiladi. Odam vataniga qaytsa, ruhiy ko‘tarinkilik his qiladi. Shaxsan men Eldorda hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga shubha qilmayman.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)