
Oʻzbekiston havaskor boks olamidagi yorqin iste'dodlardan biri Abdumalik Xalakov ham Bolgariyada tashkil etilgan "Stranja" kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, turnir gʻolibiga aylandi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, chempionlik yoʻlida unga jiddiy raqiblar roʻbaroʻ boʻldi. Shunday boʻlsa-da, yurtdoshimiz oʻzining chiroyli va maqsadli harakatlari bilan ularni magʻlub eta oldi.
Biz ushbu charmqoʻlqop ustasi bilan bogʻlanib, turnir va boshqa mavzularga oid bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
- "Stranja" turniri gʻolibligi muborak boʻlsin!
- Rahmat.
- Turnir haqidagi umumiy taassurotlaringiz qanday boʻldi?
- Toʻgʻrisi, jahon chempionatidan keyin ushbu turnirga jiddiy hozirlik koʻrgan edik. Kichik jahon chempionati deb atalishi ham bu turnirni qanchalik nufuzli ekanini anglatadi. Qisqa qilib aytganda, musobaqa juda kuchli boʻldi. Oʻzbekiston terma jamoasi ham kuchli tarkib bilan borgandi, yakunda umumjamoa hisobida ham 1-oʻrinni qoʻlga kiritdik.
- Turnirdagi raqiblar borasida qanday fikrdasiz?
- Barchasi jiddiy bokschilar edi. Birinchi jangimda irlandiyalik Evropa chempionati finalchisi bilan tushdim. Keyingi raqib esa Qozogʻiston chempioni boʻldi. Uchinchichi rossiyalik Vsevlod Shumkov edi. U haqida ham yaxshi bilasizlar. Finalda esa asli kubalik Bolgariya sharafini himoya qilgan bokschi bilan toʻqnash keldim. Koʻrib turganingizdek, oddiy raqiblar emasdi.
- Endi, doimiy tarzda -57 kg vazn toifasida ishtirok etasizmi?
- Ha, -57 kg vazn toifasida faoliyat yuritaman. Tokio Olimpiadasiga akamiz Mirazizbek Mirzahalilov litsenziya olganidan soʻng, -60 kg vaznda musobaqalarda ishtirok etayotgandim. Bilasiz, - 60 kg Olimpiadada yoʻq. Shuning uchun, bundan buyogʻiga -57 kgda harakat qilaman.
- Rossiyalik raqibingiz Shumkov bilan bu toʻrtinchi jangingiz edimi?
- Ha, 4-jang va barchasida gʻalaba qozona olganman.
- Bu safar u bilan jangda katta qiyinchilikka duch keldingiz?
- Albatta, u bilan har doim juda qiyin boʻlgan. Avval ham aytganmanku, Shumkov men uchun juda noqulay, qiyshiq raqib hisoblanadi. Bu safar yanada meni oʻrganganligi ma'lum boʻldi. 1-raundda juda xavfli boʻldi. Shukrki, qolgan raundlarda murabbiylarimning koʻrsatmalariga binoan harakat qilib, uni yana magʻlubiyatga uchrata oldim.
- Jang yakunlangandan keyin Shumkovning murabbiyi bilan kichik suhbat boʻldi. U sizga qanday gaplarni aytdi?
- U har doim menga ham murabbiylarimga ham seni yutamiz derdi. Shogirdi yutqazganidan keyin anchagina asabiy va xafa edi. Shunchaki, bu qanday dedi xolos.
- Abdumalik rahmat va har doim gʻoliblar qatorida boʻlishingizni tilab qolamiz!
- E'tibor uchun xursandman.
Abdumalik Xalakov1 Stranja turniri1 Havaskor boks1 Chempionlik yo‘li1 Turniri g‘olibligi1 Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar