Hisense mutolaa ixlosmandlari uchun noyob E-Ink ekranli smartfonni taqdim etadi

Hisense kompaniyasi oʻzining yangi A10 rusumli E-Ink smartfoniga boʻlgan qiziqishni oshirishni boshladi va elektron siyohli ekranlar segmentiga qaytayotganini rasman tasdiqladi. Kompaniya tomonidan eʼlon qilingan tizerda qurilma ustida uch yil davomida ish olib borilgani va u avvalgi modellarga qaraganda ancha yupqaroq korpusga ega boʻlishi taʼkidlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozircha qurilmaning yakuniy dizayni va toʻliq texnik xususiyatlari sir tutilmoqda. Yangi model 2022-yilda chiqarilgan va oʻz vaqtida katta qiziqish uygʻotgan Hisense A9 smartfonining munosib davomchisi boʻlishi kutilmoqda. Eslatib oʻtamiz, A9 modeli 6,1 dyuymli, 300 ppi zichlikdagi E-Ink ekrani bilan jihozlangan boʻlib, asosan mutolaa va matnlar bilan ishlash uchun moʻljallangan edi.
Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, yangi Hisense A10 modeli 7 dyuymli Carta 1300 paneli bilan jihozlanishi mumkin. Qurilmaning texnik asosi sifatida Snapdragon protsessori, 6 GB tezkor xotira va 128 GB ichki xotira xizmat qilishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, uzoq vaqt davomida quvvat saqlashni taʼminlash uchun 4500 mA·sh sigʻimli akkumulyator oʻrnatilishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…