Yevropa Ittifoqi muhim raqamli xizmatlarni xorijiy taʼsirdan himoya qilmoqda

Yevropa Ittifoqi muhim raqamli xizmatlarni xorijiy taʼsirdan himoya qilmoqda

Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqining texnologik suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan yangi takliflarni taqdim etdi. Tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad — bulutli xizmatlar, sunʼiy intellekt va yarimoʻtkazgichlar sohasida xorijiy yetkazib beruvchilarga boʻlgan qaramlikni kamaytirishdir. Yevrokomissiya vitse-prezidenti Henna Virkkunenning taʼkidlashicha, ittifoq hayotiy muhim raqamli tizimlarni xorijiy davlatlar yoki kompaniyalar tomonidan oʻchirib qoʻyilishi xavfidan xoli boʻlishi kerak. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Mazkur chora-tadbirlar, birinchi navbatda, davlat xizmatlari, huquqni muhofaza qilish organlari va mudofaa tizimlari ishlaydigan bulutli infratuzilmaga tegishli. Bryusselda AQSHning 2018-yilda qabul qilingan Cloud Act qonuni borasida xavotirlar kuchaymoqda. Ushbu hujjat AQSH federal organlariga Amerika kompaniyalari tomonidan hatto mamlakat tashqarisida saqlanayotgan maʼlumotlarga ham kirish imkonini beradi, bu esa Yevropaning maʼlumotlarni himoya qilish talablariga zid keladi.

Yangi takliflarga koʻra, Yevropa Ittifoqi davlatlari mudofaa, jinoiy adliya va chegara nazorati kabi muhim sohalarda qoʻllaniladigan bulutli xizmat yetkazib beruvchilarining xatarlarini baholashi shart boʻladi. Agar yetkazib beruvchi xavf manbai deb topilsa, davlat organlari muqobil platformaga oʻtishga majbur qilinishi mumkin. Shuningdek, xorijiy provayderlar Yevropa foydalanuvchilarining maʼlumotlarini oʻz hukumatlariga bermasliklarini isbotlashlari kerak boʻladi.

Ushbu choralar Yevropa Ittifoqi va Donald Trump maʼmuriyati oʻrtasidagi munosabatlarni yanada murakkablashtirishi mumkin. Amazon va Google kabi gigantlarni oʻz ichiga olgan Computer and Communications Industry Association assotsiatsiyasi allaqachon ushbu cheklovlar Yevropa bozorining xalqaro yetkazib beruvchilar uchun yopilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ekspertlarning fikricha, yaqin oylarda yirik texnologik kompaniyalar oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun lobbi faoliyatini kuchaytiradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar