Xitoy josuslari LinkedIn orqali Gʻarb mutaxassislarini tuzoqqa tushirmoqda

Xitoy razvedka xizmatlari LinkedIn kabi ish qidirish va rekruting platformalaridan foydalanib, Gʻarb mamlakatlari mutaxassislarini maxfiy maʼlumotlarni boʻlishishga undamoqda. Bu haqda AQSHning FBI, Buyuk Britaniyaning MI5 xizmatlari hamda Avstraliya, Kanada va Yangi Zelandiya hukumatlari tomonidan eʼlon qilingan qoʻshma ogohlantirishda maʼlum qilindi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hisobotga koʻra, xitoylik josuslar oʻzlarini goʻyoki Xitoydan tashqarida joylashgan soxta kompaniyalar vakillari, rekruterlar yoki HR mutaxassislari sifatida koʻrsatishmoqda. Ularning asosiy maqsadi Pekin manfaatlari uchun xizmat qilishi mumkin boʻlgan ochiq boʻlmagan maʼlumotlarni qoʻlga kiritishdir. Ushbu ogohlantirish AQSH va Buyuk Britaniya soʻnggi vaqtlarda Xitoy bilan munosabatlarni yaxshilashga urinayotgan bir paytda eʼlon qilindi.
Xitoy josuslari maʼlumot oʻgʻirlashda koʻpincha xakerlik hujumlariga tayansa-da, ushbu yangi hisobot ularning ommaviy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli manbalar bilan aloqa oʻrnatishga urinayotganini koʻrsatmoqda. Xitoy harbiy razvedkasi "Five Eyes" alyansiga kiruvchi davlatlar ustidan strategik va taktik ustunlikka ega boʻlish uchun imtiyozli harbiy, siyosiy va iqtisodiy maʼlumotlarni toʻplashni maqsad qilgan.
Josuslar asosan maxfiy maʼlumotlar bilan ishlash ruxsatiga ega boʻlgan xodimlar, harbiy xizmatchilar, jurnalistlar, akademiklar va tahliliy markaz xodimlarini nishonga olmoqda. Nomzodlar ularning rezyumelari va muhim maʼlumotlarga egalik qilish ehtimoli asosida tanlab olinadi. Hatto maxfiy boʻlmagan maʼlumotlar ham boshqa maʼlumotlar bilan birlashtirilganda Pekinning siyosiy qarorlari uchun foydali boʻlishi mumkin.
LinkedIn vakili TechCrunch nashriga bergan izohida soxta akkauntlar yaratish platforma qoidalariga zid ekanini taʼkidladi. "Biz davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan suiisteʼmollarni aniqlashga eʼtibor qaratganmiz va soxta profillarga qarshi choralar koʻrishda davom etamiz", — deya qoʻshimcha qildi kompaniya vakili.





























Izohlar 0
…