Siemens dunyodagi ilk tijoriy termoyadroviy kemani yaratishda ishtirok etadi

Posidonia 2026 xalqaro koʻrgazmasida Fusion Power Barge (FusPoB) loyihasi eʼlon qilindi. Mazkur loyiha doirasida xalqaro konsorsium dunyodagi ilk termoyadroviy sintezga asoslangan suzuvchi energetika platformasini yaratishni rejalashtirmoqda. Loyiha ishtirokchilari texnologiyaning tijoriy namunasini 2032-yilga qadar taqdim etishni maqsad qilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Konsorsium tarkibiga Amerikaning kemachilik byurosi (ABS), Isroilning termoyadroviy texnologiyalarga ixtisoslashgan nT-Tao kompaniyasi, shuningdek, Siemens Energy, P&P Marine Consultants va Fransiyaning TEMISTh kompaniyalari kirdi. Dastlabki bosqichda hamkorlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va kelajakdagi platformaga qoʻyiladigan talablarni belgilash bilan shugʻullanadilar.
Kemachilik sohasida termoyadroviy energetikaga boʻlgan qiziqish zararli tashlamalarni kamaytirish borasidagi talablar kuchayishi bilan bogʻliq. Xalqaro dengiz tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dengiz transporti dunyodagi issiqxona gazlari emissiyasining qariyb 3 foizini tashkil etadi. Vodorod va ammiak kabi muqobil yoqilgʻilar esa hali keng koʻlamli infratuzilmani talab qiladi va ularni joriy etish murakkab boʻlib qolmoqda.
FusPoB loyihasiga koʻra, barjaning uzunligi taxminan 71 metrni tashkil etadi. Uning asosida nT-Tao kompaniyasining ixcham termoyadroviy reaktori joylashadi. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, bunday qurilma standart konteyner moduliga sigʻadi va kema korpusiga integratsiya qilinishi mumkin. Tizim 20 MW gacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Loyiha mualliflari ushbu barjani nafaqat transport vositasi, balki portlar va chekka dengiz infratuzilmalari uchun mobil elektr stansiyasi, shuningdek, suvni chuchuklashtirish qurilmasi sifatida ham koʻrmoqda. Hozirda termoyadroviy reaktorli tijoriy kemalar uchun xalqaro qoidalar mavjud emas, shu sababli ABS sohaga oid ilk xavfsizlik standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.





























Izohlar 0
…