Operativ xotira narxi 2026-yil oxirigacha ikki baravar oshishi kutilmoqda

Operativ xotira narxi 2026-yil oxirigacha ikki baravar oshishi kutilmoqda

2026-yil yakuniga qadar operativ xotira (RAM) narxlari ikki baravar qimmatlashishi mumkin. Bunday prognozni Lexar kompaniyasining Avstraliya va Yangi Zelandiya boʻyicha mintaqaviy menejeri Chris Xia maʻlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi vaqtdagi chegirmalar bozordagi real holatni aks ettirmaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Mutaxassisning taʻkidlashicha, chakana sotuvchilar yangi, qimmatroq partiyalar kelishidan oldin eski zaxiralarni sotib yuborishga harakat qilmoqda. Narxlar koʻtarilishining asosiy sababi sifatida sunʻiy intellekt (AI) sanoati tomonidan xotira chiplariga boʻlgan talabning keskin ortishi koʻrsatilmoqda.

Samsung, SK hynix va Micron kabi yirik ishlab chiqaruvchilar oʻz quvvatlarining katta qismini AI-tezlatkichlar va maʻlumotlar markazlari uchun zarur boʻlgan yuqori tezlikdagi HBM xotiralarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirmoqda. Natijada oddiy foydalanuvchilar segmenti uchun moʻljallangan xotira hajmi qisqarib bormoqda.

Chris Xiaʻning qoʻshimcha qilishicha, sohadagi tannarx oʻzgarishi yakuniy isteʻmolchiga odatda sakkiz-toʻqqiz oylik kechikish bilan yetib boradi. Hozirda bozordagi narx dinamikasi faqat oʻsish tendensiyasini koʻrsatmoqda. Eski zaxiralar tugashi bilan yangi partiyalar narxi muqarrar ravishda yuqori boʻladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar